Jahon | 18:49 / 11.11.2023
9902
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvilining sog‘lig‘i yaxshilandi, u qamoqqa qaytishi mumkin - Gruziya Adliya vazirligi

Hozir u «Vivamedi» klinikasida davolanyapti.

Gruziyaning sobiq prezidenti kasallikdan forig‘ bo‘lib, tuzalmoqda. Tez orada Mixail Saakashvili qamoqxonaga qaytib, jazoni o‘tashi mumkin, deb yozdi «Vestnik Kavkaza».

Gruziya Adliya vazirligi rahbari Rati Bregadze so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident o‘zini ancha yaxshi his qilmoqda va tez orada shifoxonada qolishidan ma’no bo‘lmaydi.

«Uning salomatligi yaxshilanayotgani haqidagi xulosani tasdiqlayman. Uning salomatligi tezkor yaxshilanganidan xursandmiz. Shifokorlarning tegishli qarori va tavsiyasi berilgach, u jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkaziladi», dedi vazir.

Saakashvili uchun maxsus tuzilgan Ombudsman kengashi o‘tgan oyda uning ahvoli yaxshilanayotgani haqida xulosa chiqargan. Shu bilan birga, shifokorlar sobiq prezident hali ham doimiy tibbiy nazoratga muhtojligini aytishmoqda.

Mixail Saakashvili kaxeksiyadan (oziq-ovqat yetishmovchiligi tufayli qattiq holdan toyish) aziyat chekmoqda. Bundan tashqari, demensiya haqida ham xabar berilgan edi.

Sobiq prezident 2021 yil 1 oktyabrda hibsga olingan. Biroq, u 6 oydan kamroq vaqtni qamoqda o‘tkazdi. Qolgan vaqtlarda u turli tibbiy muassasalarda davolandi: qamoqxona shifoxonasida, harbiy hospitalda, hozir «Vivamedi» klinikasida.

Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda ketma-ket ikki muddat Gruziya prezidenti bo‘lgan.

U parlament deputati Valeriy Gelashviliga hujum qilgani («rasmiy vakolatlarini oshirgani») uchun 6 yilga, afv etish komissiyasini chetlab o‘tib, mahkumlarni afv etgani («mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgani») uchun 3 yilga qamalgan edi. Shu bilan birga u 8,8 mln lari (2014 yil kursi bo‘yicha qariyb 5 mln dollar) miqdoridagi davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid