Jamiyat | 18:20 / 27.10.2021
8073
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda DNK orqali fosh etilgan qotillik jinoyati haqida ma'lumot berildi

1992 yilning 30 noyabr kuni Samarqand Oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hududida voyaga yetmagan qiz o‘ldirib ketiladi. Qotil DNK ekspertizasi yordamida fosh qilinadi.

O‘zbekiston harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahodir Xudoyberdiyevning yozishicha, qizning jasadi topilganda, tanasida turli jarohatlar bilan birga uning zo‘rlanganiga doir alomatlar ham aniqlangan. Ammo hech kim ushbu jinoyatga guvoh bo‘lganlar yoki qandaydir qichqiriq, yordam so‘ralgan ovozlarni eshitmagan. Qolaversa, jinoyat joyidan qotilni tutish imkonini beruvchi hech qanday dalil topilmaydi.

Muallifning yozishicha, harbiy bilim yurtidagi sirli qotillik bo‘yicha o‘sha paytda Samarqand harbiy prokurori bo‘lib ishlayotgan (ayni paytda Respublika harbiy prokurori) Shuhrat Uzoqov jinoyat ishi qo‘zg‘atib, dastlabki tergov harakatlarini boshlaydi.

O‘sha paytda Samarqand Oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida tahsil olayotgan, sobiq ittifoqning turli hududlaridan kelgan kursantlar o‘z yurtlariga qaytarilayotgan edi. Bu esa qotilni topishni yanada qiyinlashtirardi. Dastlabki tergov harakatlari natijasida bilim yurtining 7 nafar kursanti — Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belarus Respublikalari fuqarolari jinoyat sodir etishda gumon qilinib, bilim yurti hududidan chiqarilmay ushlab turiladi.

Ma'lumki, DNK ekspertizasi orqali insonning qon, so‘lak va boshqa ajratmalarini 99,9 foiz aniqlik bilan aynan kimga tegishliligini fosh etish imkoni mavjud. Shu bois Shuhrat Uzoqov qotilni aniqlash uchun ushbu ekspertizadan foydalanishga qaror qiladi. Biroq o‘sha paytda O‘zbekistonda bunday ekspertiza amaliyotga joriy etilmagandi.

Natijada xorijiy davlat ekspertiza muassasasiga DNK ekspertizasi tayinlanadi. Jinoyat ishi ashyoviy dalillar bilan Moskva shahridagi Sud-ekspertiza byurosiga yuboriladi. Oradan ikki oy o‘tgandan so‘ng yuborilgan ekspert xulosasiga ko‘ra, marhumada aniqlangan biomateriallar qozog‘istonlik Zaur Kenjyebayevga tegishli ekani ma'lum bo‘ladi. U odam o‘ldirganini tan oladi. O‘zbekiston harbiy sudining 1993 yil 1 noyabrdagi hukmi bilan qotilga nisbatan tegishli jazo tayinlanadi.

Muallifning yozishicha, 8 oydan ortiq davom etgan tergov harakatlaridan keyin fosh etilgan ushbu qotillik O‘zbekiston tarixidagi DNK ekspertizasi yordamida ochilgan birinchi jinoyat ishi hisoblanadi. “Ma'lumot uchun aytish lozimki, oradan 8 yil o‘tgandan so‘nggina, ya'ni 2000 yilda O‘zbekistonga mazkur turdagi ekspertiza kirib kelgan”, deya ta'kidlaydi Bahodir Xudoyberdiyev. Maqola “Inson va qonun” gazetasida chop etilgan .