O‘zbekiston | 07:49 / 29.10.2021
5222
3 daqiqa o‘qiladi

Bepul yuridik yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi

Muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) ko‘rsatganlik advokatlarning reytingini tuzishda, ularga malaka darajalari berilishida inobatga olinadi.

Foto: iStock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Bepul yuridik yordam to‘g‘risida»gi qonun muhokamasi boshlandi. Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan. 6 bob, 41 moddadan iborat qonun loyihasida asosiy tushunchalarga sharhlar keltirib o‘tilgan.

Ular:

bepul yuridik yordam — huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish, huquqiy xususiyatdagi hujjatlar tuzish, sudlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, bepul ko‘rsatiladigan huquqiy sohada amalga oshiriladigan yordam majmui;

bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) — advokatlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga bepul, beg‘araz va ixtiyoriylik asosida ko‘rsatiladigan malakali yuridik yordam;

birlamchi bepul yuridik yordam — huquqiy masalalar yuzasidan og‘zaki, yozma va elektron shaklda maslahat, tushuntirish va axborot berish orqali bepul ko‘rsatiladigan yuridik yordam;

ikkilamchi bepul yuridik yordam — jismoniy shaxslarga fuqarolik, ma'muriy, ma'muriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlari bo‘yicha advokat ishtirokini davlat hisobidan ta'minlashga qaratilgan bepul yuridik yordam.

Loyihada advokatlar advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan advokatlik faoliyatining istalgan turi bo‘yicha bepul, beg‘araz, ixtiyoriylik asosida yuridik yordam ko‘rsatishga haqli ekanligi haqida so‘z boradi.

Birlamchi bepul yuridik yordam O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek yuridik shaxslarga ko‘rsatiladi.

Bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatganlik advokatlar reytingini tuzishda, ular faoliyatini baholashda, advokatlarni davlat mukofotlariga tavsiya etishda, advokatlarga malaka darajalari berilishida va advokatlar kasbiy malakasini oshirishni tashkil etishda inobatga olinadi.

Adliya vazirligi huzurida Bepul yuridik yordam markazi tashkil etiladi. Markaz bepul yuridik yordam markazi ikkilamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatishni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish funksiyalariga ega davlat organi sifatida ta'sis etiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga beg‘araz birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish maqsadida yuridik klinikalar tashkil etiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari ham bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. NNTlarda birlamchi bepul yuridik yordam oliy yuridik ma'lumotga ega shaxslar tomonidan ko‘rsatiladi.

Birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi NNTlar va yuridik klinikalar o‘z maqsadlaridan kelib chiqib bepul yuridik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifasini belgilab olishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid