Jahon | 12:34 / 09.11.2021
15373
6 daqiqa o‘qiladi

«Yerdagi jahannam»: BMT jahon yetakchilarini Afg‘onistonni ochlikdan saqlashga chaqirdi

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari jahon yetakchilarini bu yil qish faslida Afg‘onistondagi falokatli ochlik ro‘y berishining oldini olish uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi.

Foto: Getty Images

«Vaziyat siz tasavvur qilganingizdan yomonroq. Gap yerdagi eng qo‘rqinchli gumanitar inqiroz haqida ketyapti», - dedi Devid Bizli BBC’ning Afg‘onistondagi muxbiri Jon Simpsonga.

Afg‘oniston iqtisodiyoti hokimiyatga «Tolibon» harakati kelishi va xorijiy yordamning muzlatilishi tufayli butunlay tanazzulga yuz tutish arafasida. Bunga koronavirus pandemiyasi va mamlakatdagi ekinlarning katta qismini yo‘q qilgan kuchli qurg‘oqchilik ham qo‘shildi. Bu so‘nggi to‘rt yil ichidagi Afg‘onistonda kuzatilayotgan ikkinchi qurg‘oqchilik.

«Mamlakat aholisining 95 foizi yetarli oziq-ovqatga ega emas, hozirda 23 mln kishi kuchli ochlik tahdidi ostida qolgan. Keyingi olti oy falokatli bo‘ladi. Bu Yerdagi jahannam bo‘ladi», - dedi dam olish kunlari Kobulda bo‘lgan BMT Jahon Oziq-ovqat dasturi rahbari.

Toliblar vakili insonparvarlik yordami uchun navbatda turgan ayollarni qo‘riqlab turibdi. Foto: AFP

Afg‘onistonda havo harorati pasaymoqda. Qishloq tumanlari aholisi BMT Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida yetkazib berayotgan unga uzoq navbatda turishibdi. Millionlab afg‘onistonliklar uchun gumanitar yordam – qishda jon saqlashning yagona chorasi, biroq u barchaga yetmaydi. BMT ochlik yoqasida qolgan misli ko‘rilmagan miqdordagi odamlarga yordam berish uchun oziq-ovqat zaxiralarini oshirish kabi dolzarb muammoga duch kelmoqda.

Devid Bizli dunyo elitasini tezkor choralar ko‘rishga chaqiryapti. «Jahon yetakchilari va milliarderlar: tasavvur qiling, gap ochlik tahdid qilayotgan kichik o‘g‘il yoki qizingiz, nabirangiz haqida ketyapti. Siz qo‘lingizdan kelganicha harakat qilasiz. Dunyo boyligi hozir 400 trln dollarni tashkil qilmoqda, shuning uchun hammamizga uyat. Agar biz qayerdadir bola ochlikdan halok bo‘layotganiga qo‘yib berayotgan bo‘lsak, barchamizga uyat. Bu bola qayerda ekanining esa ahamiyati yo‘q», - dedi BMT vakili.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistondagi yordamga muhtoj 23 million kishini qisman ovqatlantirish uchun oyiga 220 mln dollar talab etiladi.

Eng dahshatlisi tog‘lar orasida
BBC korrespondenti Jon Simpson Radio 4 jonli efirida Afg‘onistondagi vaziyat haqida so‘zlay turib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

O‘z faoliyati davomida harbiy harakatlar olib borilgan o‘nlab hududlarda bo‘lgan 77 yoshli jurnalist shu kunlarda toliblar tomonidan 20 yil muqaddam vayron etilgan Budda ibodatxonasi joylashgan Bomiyon vodiysida bo‘ldi va u yerda g‘orlarda yashayotgan ayollarni uchratdi.

Fotima ismli ayol uch yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan yetti bola bilan beva qolgan. Uning eri oshqozon rakidan vafot etgan.

«Tolibon» kelgunicha Fotima mahalliy fermer dalasida ishlab, pul topgan. Endi esa qurg‘oqchilik tufayli ish yo‘q.

«Unda pul yo‘q, u sovuqda isinish uchun odamlardan yonilg‘i, kun o‘tkazish uchun ovqat tilanishga majbur», deydi muxbir.

Korrespondent bu so‘zlarni aytar ekan, hissiyotlarini tiya olmadi va uzr so‘radi: «Bu bolalarga qarang… Bu juda og‘ir».

«Bilasizki, men ishim davomida juda ko‘p yomon holatlarga guvoh bo‘lganman, ammo bu yer… Eng qo‘rqinchlisi hali kelmadi, ammo tushunyapsizmi, bu uzoqda emas va ularning o‘zi ham buni anglab turishibdi», - deydi korrespondent.

Afg‘onistonda nima uchun ochlik kuzatilyapti?

«Tolibon» radikal harakati avgust oyida mamlakatdan xorij harbiylari tezkorlik bilan olib chiqilgach, hokimiyatni egalladi.

Hokimiyat almashinuvi ilgari xorijiy yordamga o‘ta qaram bo‘lgan Afg‘onistonning zaif iqtisodiyotini kuchsizlantirdi. G‘arb davlatlar yordamni to‘xtatdi, Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatdi. U qachon qayta tiklanishi esa noma'lum. Chunki toliblar hukumatini dunyodagi deyarli hech bir davlat rasman tan olmayapti.

Agar YaIMning 10 foiz yoki undan ko‘proq qismi xorijiy yordam ulushiga to‘g‘ri kelsa, mamlakat xorijiy yordamga qaram deb hisoblanadi. Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston YaIMning 40 foizini xalqaro yordam tashkil qiladi.

Hozirda ko‘plab afg‘onlar ovqat sotib olish uchun o‘z mol-mulklarini sotishmoqda. Toliblar ma'muriyati ham xorijiy aktivlardan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bu esa davlat xizmatchilariga ham maosh to‘lanmayotganini anglatadi.

Jyenevada sentabr oyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada hamjamiyat afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ ajratish majburiyatini olgandi. Bu mablag‘ning qariyb uchdan bir qismi Jahon oziq-ovqat dasturiga va'da qilingan.

Tashkilot Afg‘onistonga oziq-ovqat bilan yordam berish uchun oyiga 220 mln dollar talab etilishini aytib, joriy moliyaviy majburiyatlarni «dengizga bir tomchi» deb atagan. 

Mavzuga oid