O‘zbekiston | 12:15 / 12.11.2021
7298
2 daqiqa o‘qiladi

Virusologiya institutiga asos solgan Shabat Xo‘jayev vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy a'zosi, professor Shabat Xo‘jayev 98 yoshda hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: Innovatsiya vazirligi

Innovatsiya vazirligi xabariga ko‘ra, Shabat Xo‘jayev 1924 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1946 yilda Toshkent tibbiyot institutining davolash fakultetini tamomlagan.

1946 yil noyabr oyida SSSR Tibbiyot fanlari akademiyasining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar institutiga aspiranturaga o‘qishga qabul qilingan. Aspiranturani tamomlagach, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, 1951 yilgacha shu institutda ishlagan. 

1961 yilda Shabat Xo‘jayev Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida yuqumli kasalliklar kafedrasi professori, 1962-1965 yillarda ilmiy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan, 1964 yildan esa bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasini tashkil etib, 40 yil davomida unga rahbarlik qilgan.

Shabat Xo‘jayev 1967 yilda O‘rta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini yaratdi va O‘zbekistonda birinchi marta gripp va boshqa o‘tkir respirator kasalliklar diagnostikasi uchun immunofluoressensiya reaksiyasini joriy qildi. Klinik immunologiyada olib borilgan ishlarning katta bosqichi natijasi o‘laroq Moskvada nashr etilgan "Immunologiya bo‘yicha qo‘llanma" (1973) monografiyasi bo‘ldi.

1979 yilda Shabat Xo‘jayev D.Ivanovskiy nomidagi Virusologiya institutining O‘zbekistondagi filialini tuzib, unga rahbarlik qilgan. O‘zbekiston SSV Virusologiya institutiga asos solib, unga 2004 yilgacha rahbarlik qilgan.

Professor Shabat Xo‘jayev virusli gepatit sohasida ish boshlagan holda O‘zbekiston aholisini gepatit virusiga qarshi ommaviy emlash g‘oyasini ilgari surib, bosqichma-bosqich amalga oshirgan. 1990-1991 yillarda Sh.Xo‘jayev rahbarligida Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virusli gepatit B ga qarshi emlash dasturi ishlab chiqilgan.