Jahon | 13:46 / 21.01.2022
51610
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘istondagi namoyishlarning asl sababini aytdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi norozilik namoyishlariga nima sabab bo‘lib xizmat qilganini aytdi.

Foto: inform.kz

To‘qayev ishbilarmonlar bilan uchrashuvda Qozog‘istonda yanvar oyi boshidagi voqealar yillar davomida to‘planib kelgan muammolarni ochib bergani, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi daromadlar tafovuti qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetganini aytdi, deb yozadi Tengrinews.

«Daromadlarning bunday tabaqalanishi terrorchilar va ularning ortida turgan fitnachilar tomonidan yoqilgan gugurt va porox bochkasi rolini o‘ynadi», dedi To‘qayev. 

U, shuningdek, bu tafovutni real pulda baholadi. 

«Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, [mamlakat] boyligining yarmi bor-yo‘g‘i 162 kishiga tegishli. Shu bilan birga, aholining yarmida daromad 50 ming tengedan ham oshmaydi. Bu yiliga 1300 dollardan sal ko‘proq. Bunday pulga yashashning iloji yo‘q, vaziyatni zudlik bilan o‘zgartirish kerak», — dedi To‘qayev. 

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonga mamlakat fuqarolari manfaatlariga javob beradigan real islohotlar zarur, u ishbilarmonlarni iqtisodiy siyosatni isloh qilish va «halol hamda adolatli bo‘lgan yangi o‘yin qoidalari»ni belgilash bo‘yicha birgalikdagi ishlarni «zudlik bilan boshlashga» taklif qildi. 

Prezident tadbirkorlarga murojaat qilar ekan, islohotlardan aynan yirik biznes, «bizning burjuaziyamiz» manfaatdor ekaniga ishonch bildirdi. 

«Chunki mamlakatimiz biznes elitasining yo‘qotadigan narsasi bor», deb tushuntirdi u. 

Bundan tashqari, To‘qayev biznesning bir qo‘lda to‘planishi davlat uchun xavfli tendensiya ekanligini aytdi. 

«Odamlar nima uchun barcha turdagi biznes bir xil qo‘lga tushib qolganidan hayron bo‘lmoqda - «Nima biz yomonroqmizmi?». Gegelni Babel bilan adashtirib yuboradigan, maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan odamlar bor, lekin ularning qo‘lida juda katta biznes mavjud. Shu bilan birga, maxsus kurslarni tamomlagan o‘qimishli odamlar biznes manbalari, kredit resurslari va hokazolardan foydalana olmaydi. Biznes oqimdan tashqarida yuribdi, bu tushkunlikka, jamiyatda ishonchsizlikka, adolatga ishonmaslikka sabab bo‘lmoqda, buning ortidan esa turli ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar kelib chiqadi», — deya xulosa qildi davlat rahbari.

Mavzuga oid