Iqtisodiyot | 16:39 / 28.01.2022
43289
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi uy-joy narxi eng qimmat hududlar ma’lum qilindi

2021 yilning IV choragida uy-joy narxining eng yuqori o‘sishi Buxoro (14,5 foiz), Andijon (12,1 foiz), Sirdaryo (12,1 foiz) va Samarqand (10,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

O‘tgan yilda O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori sezilarli darajada faollashgan. Bunga ipoteka kreditlari va arzon uy-joy dasturlarining ko‘payishi natijasida aholi tomonidan talabning ortishi, valuta kursining nisbatan barqarorlashuvi o‘z ta’sirini o‘tkazgan.  

2021 yilda oldingi yilga nisbatan 14,5 foizga ko‘p oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirilgan. Uy-joy oldi-sotdi shartnomalarining sezilarli o‘sishi Namangan (42 foizdan ortiq), Buxoro (38 foiz), Andijon (34 foiz) va Samarqand (31 foizdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan. Toshkent shahri (-0,7 foiz) va Toshkent viloyatida (+1 foiz) tuzilgan shartnomalar soni deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2021 yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori sharhida keltirib o‘tilgan.

Narx dinamikasi

2021 yilning IV choragida ko‘chmas mulk narxlarining yanada jadal o‘sishi kuzatilgan. Xususan, o‘tgan yilning oxirgi uch oyida uy-joy narxlari respublika bo‘yicha 5,1 foizga, Toshkent shahri bo‘yicha esa 4,2 foizga qimmatlashgan.

Uy-joy narxining choraklik eng yuqori o‘sishi Buxoro (14,5 foiz), Andijon (12,1 foiz), Sirdaryo (12,1 foiz) va Samarqand (10,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, hududlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent shahri (1 kv metr uchun 7 mln 952,3 ming so‘m), Samarqand (5 mln 745,1 ming so‘m), Navoiy (4 mln 356,1 ming so‘m) va Toshkent (4 mln 208,9 ming so‘m) viloyatlarida, eng past narxlar esa Sirdaryo (2 mln 715,7 ming so‘m), Xorazm (2 mln 814,5 ming so‘m) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2 mln 879,9 ming so‘m) qayd etilgan.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning uy-joy narxiga ta’siri

Mamlakatdagi mavjud makroiqtisodiy sharoitlar ko‘chmas mulk bozoridagi talab va taklif holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Markaziy bank ekspertlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish, aholi daromadlarining oshishi, xususan, transchegaraviy transfertlar hajmining sezilarli o‘sishi, so‘m almashuv kursining nisbatan barqarorlashishi va inflatsiyaning sekinlashishi ko‘chmas mulk sotib olish va sotish bo‘yicha bitimlar sonining ko‘payishi va narxlarning o‘zgarishida asosiy omillar bo‘lgan.

Jahon ko‘chmas mulk bozori

2021 yil davomida jahon ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishiga birinchi navbatda past foiz stavkalari katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu ko‘chmas mulkning investitsion jozibadorligini oshirgan. Ayniqsa, o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab inflatsiyaning tezlashishi aholida o‘z jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilish istagini uyg‘otgan asosiy omilga aylanadi.

Knight Frank konsalting kompaniyasi tahlillariga ko‘ra, 2021 yilning III choragida, uy-joy qiymati yillik hisobda 9,4 foizga oshgan. Narxlar indeksi shakllantirilgan 56ta davlatdan 54tasida o‘sish kuzatilgan.

Shuningdek, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida inflatsiya darajasi turlicha bo‘lganligi tufayli mol-mulk narxlarining nominal va real o‘sishi ham keskin farq qilgan.

IV chorak boshida esa China Evergrande kompaniyasidagi likvidlik inqirozi bozordagi vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan.

Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda ko‘pchilik mamlakatlarda pul-kredit siyosatining nisbatan qattiqlashishi (2021 yilda boshlangan foiz stavkalarining yanada oshishi va aktivlarni sotib olish dasturlarining qisqarishi) kutilmoqda. Bu esa talab kamayishi, taklif oshishi va narxlar pasayishi uchun asos bo‘lishi mumkin. 

Shu bilan birga, mamlakatlardagi aholi daromadlarining uy-joy narxiga nisbatan nomutanosib o‘sishi savdo hajmiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

Avvalroq, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekistonning ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlari haqida ma’lumot berilgandi. Shaharlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent (1 kv metr uchun 753 dollar), Samarqand (553 dollar) va Navoiy (418 dollar) shaharlarida, nisbatan pastroq narxlar esa Nukus (277 dollar), Qarshi (289 dollar) va Guliston (289 dollar) shaharlarida qayd etilgan.

Mavzuga oid