11:00 / 11.02.2022
35309

Putin va Makron nima sababdan to‘rt metrlik stol atrofida suhbatlashgani ma’lum qilindi

Reuters manbalariga ko‘ra, Fransiya prezidenti Rossiya tomonining PsR test topshirish talabini rad etgan va shu sabab prezidentlar muzokaralar chog‘ida to‘rt metrli stol atrofida o‘tirishgan.

Foto: Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida Rossiyaga kelganida koronavirus uchun PsR test topshirishdan bosh tortgan. Shu sabab ular o‘rtasida masofa saqlangan, deya xabar bermoqda Reuters agentligi Fransiya prezidentiga yaqin ikki manbaga tayangan holda.

Shuning uchun ham prezidentlar muzokaralar chog‘ida to‘rt metrli stol atrofida o‘tirishgan.

Manbalarga ko‘ra, Makronga tanlov taklif qilingan: testdan o‘tish va Putin bilan yaqinroq masofada gaplashish yoki rad etish va oraliq masofani saqlash.

«Xavfsizlik nuqtayi nazaridan rus shifokorlariga prezidentning DNKsini olishga ruxsat bera olmasdik», — deya ta’kidlagan Reuters suhbatdoshlaridan biri.

Fransiya tomonining ma’lum qilishicha, Makron Rossiyaga uchishdan oldin PsR testidan o‘tgan, shuningdek, Moskvaga yetib kelganidan so‘ng antigen test ham topshirgan. Bu uning shaxsiy shifokori tomonidan amalga oshirilgan.

Avvalroq, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezidentlar orasidagi masofani koronavirusga qarshi choralar bilan bog‘lab, «faqat epidemiologik choralar», deya izoh bergandi.

Ma’lumot uchun, 7 fevral kuni Kremlda Rossiya va Fransiya prezidentlari o‘rtasida muzokaralar jarayoni bo‘lib o‘tdi. Ular qariyb olti soat davomida Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilishgan.

Mavzuga oid
Top