16:47 / 16.02.2022
1772

Kogonda MChJ rahbari va sobiq bank xodimi garovda turgan mulklarni sotib yubordi

Kogon tumanida MChJ rahbari va sobiq bank xodimi o‘zaro til biriktirib, kredit evaziga garovga qo‘yilgan 789,4 mln so‘mlik mulkni sotib yuborganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ATB “Mikrokreditbank” Kogon bank xizmatlari markazining murojaatiga asosan departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida markazning sobiq mutaxassisi M.K. yaqin qarindoshi M. bilan o‘zaro til biriktirib, MChJga berilgan kredit evaziga garovga qo‘yilgan 789,4 mln so‘mlik mulklarni soxta hujjatlar tayyorlash orqali taqiqdan yechishga erishib, sotib yuborganligi aniqlangan. Bank xodimlari MChJga ajratilgan kredit mablag‘ini qaytarish choralarini ko‘rmagan. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top