Iqtisodiyot | 14:41 / 17.03.2022
45551
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavka oshirilishi yuzasidan izoh berdi

Tashqi xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan qo‘shimcha choralar doirasida tijorat banklariga bir qancha imtiyozlar taqdim qilinmoqda.

17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 17 foizga ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

«Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan yuqori noaniqlik va keskinliklar fonida devalvatsion va inflyatsion kutilmalar o‘sishining oldini olish, milliy valutada jamg‘arish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotimizga o‘tuvchi ta’sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizga oshirildi», deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Qayd etilishicha, asosiy savdo-hamkor davlatlarda kuzatilayotgan iqtisodiy vaziyat, ularning valuta kurslaridagi keskin tebranishlar, jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o‘sishi makroiqtisodiy jihatdan noaniqliklar va xatarlarni oshirmoqda. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari devalvatsion kutilmalarda sezilarli o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatgan. Ayni paytdagi mazkur omillar turli kanallar orqali ichki makroiqtisodiy barqarorlikka qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bunda qisqa muddatli ta’sirlar eksportdan tushumlar va O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi hisobiga ichki valuta bozorida taklifning qisqarishida, import qilinadigan iste’mol tovarlari narxining qimmatlashishi orqali ichki narxlarning o‘zgarishida namoyon bo‘lsa, o‘rta muddatli ta’sirlar tashqi va ichki talabning qisqarishi hisobiga iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga tegishli bosim ko‘rsatadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan beri so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlangan.

«Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, Markaziy bank almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida “neytrallik tamoyillari” doirasida ichki valuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi. Mazkur intervensiyalar o‘tgan yilda valuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda. Kelgusida bozorda barqarorlikni ta’minlash maqsadida tegishli invervensiyalar amalga oshirilib, milliy valuta kursi keskin tebranishlarining oldini olish choralari ko‘riladi. Bugungi asosiy stavkaning oshirilishi ham yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy ta’sirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan», deyiladi bayonotda.

Jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarining sezilarli darajada o‘sayotganligi, tashqi taklifning qisqarishi va geografik jihatdan o‘zgarishi, iste’mol tovarlari importida logistika bilan bog‘liq masalalar yil so‘ngiga qadar ichki narxlarga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirish ehtimollarini oshirmoqda.

Tashqi xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan qo‘shimcha choralar

Bank tizimini zaruriy likvidlik bilan ta’minlash maqsadida tijorat banklariga Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli likvidlik cheklovlarsiz (RePO va SVOP operatsiyalari orqali) taqdim etib boriladi. MB tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik o‘rtacha qoldig‘i bo‘yicha limitlar 20 trln so‘mgacha oshirildi.

Tijorat banklariga joriy yilning 1 iyuliga qadar:

  • chakana operatsiyalar bo‘yicha valuta kurslarini belgilashda valuta birjasida koll auksion natijasida shakllangan valuta kursidan foydalanish imkoniyati berildi;
  • tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari darajasi asosiy stavkaning yuqori chegarasigacha kengaytirildi;
  • ikki haftalik depozit auksionlari bo‘yicha limitlar bekor qilindi.

Mavzuga oid