Jahon | 21:59 / 06.05.2022
33697
6 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ukraina «Moskva» kreyserini AQSh razvedka ma’lumotlari orqali cho‘ktirgan

Ukraina «Moskva» raketa kreyseriga Amerika razvedka ma’lumotlari asosida zarba bergan. Bu haqda dastlab Amerikaning NBC telekanali, keyin Washington Post va New York Times nashrlari o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi. Rossiya hukumati Qora dengiz floti flagmanidagi yong‘in haqida 13 aprel kuni xabar bergan, keyingi kuni kema cho‘kib ketgandi.

Foto: Getty Images

Nashrlarning yozishicha, kreyserga raketalar otishdan oldin amerikaliklardan ma’lumot so‘ralgan. Qayd etilishicha, aynan AQSh kreyserni aniqlash va nishonga olish uchun uning joylashgan o‘rnini aniq belgilashda yordam ko‘rsatgan, zarba berish to‘g‘risidagi qarorni esa ukrain harbiylari o‘zi qabul qilgan.

NYT nashrining harbiy doiralardagi ikki manbasi Ukraina «Moskva» turgan joyni mustaqil aniqlagani, AQSh esa shunchaki ukrainlarning razvedka ma’lumotini tasdiqlab berganini ma’lum qilgan.

«Qora dengizda Rossiya harbiy kemasini payqagan ukrain harbiylari bu haqiqatan ham «Moskva» ekanini tasdiqlash uchun amerikaliklar bilan aloqaga chiqishgan. AQSh ijobiy javob qaytargan va uning joylashgan o‘rni bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan», degan CNN manbasi.

Nashrlarning anonim manbalari Ukraina tomonining korablga 13 aprel kuni ukrainlarning ikkita «Neptun» raketasi urilgani, shundan so‘ng u yonib, cho‘kib ketgani to‘g‘risidagi ma’lumotini tasdiqlagan.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSh «Moskva»ni nishonga olish uchun «muayyan maqsadli axborot bermagan». U rossiyaliklar kreyseriga zarba berish to‘g‘risida ukrainlar mustaqil qaror qabul qilgani va AQSh bu haqda oldindan xabardor bo‘lmaganini ta’kidlagan.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi nashrlarning bu xabarlarini mas’uliyatsizlik deb atagan.

Kirbining bayonotidan oldinroq Washington Post nashri harbiy idora vakili avval ham ishlatgan «maqsadli ma’lumot» (targeting information) iborasi qanday ma’no berishi haqida yozgandi: «AQSh nuqtayi nazariga ko‘ra, agar Ukraina razvedka ma’lumotlarini olsa va keyin mamlakat mudofaasi uchun chora ko‘rishga qaror qilsa, Qo‘shma Shtatlar unga kimgadir hujum qilish kerakligini ko‘rsatadigan ma’lumotlarni taqdim etgan hisoblanmaydi».

BBC korrespondenti Pavel Aksenov:

Amerika nashrlari manbalarining raketalari «Moskva» kreyserini cho‘ktirgan Ukrainaning «Neptun» sohil raketa majmuasi kema joylashuvini AQSh razvedkasi ma’lumotiga asoslanib aniqlagani haqida bergan ma’lumoti Vashingtonni noqulay holatga tushirib qo‘ydi, chunki buni to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlarda ishtirok etish sifatida ham talqin qilish mumkin. Materialda aytilishicha, amerikaliklar korablni topib, uning qanday kema ekanini qayd etib, joylashuvini aniqlagan va bu ma’lumotlarni ukrainlarga taqdim etgan, shundan keyin «Neptun» majmuasi mustaqil ravishda raketalar uchirishga qaror qilgan.

Buning ortidan Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi AQSh Ukrainaga «Moskva» kreyserini nishonga olish bo‘yicha «maqsadli axborot» taqdim etmaganini bildirdi. Ammo kreyserning joylashuvi, tezligi va harakat yo‘nalishi haqidagi ma’lumotlar - juda muhim ma’lumotlardir.

«Neptun» kompleksining RK-360Ms qanotli raketasi sovetlarning X-35 raketasi asosida ishlab chiqilgan, ukrain konstruktorlari uning uchish masofasi va yo‘naltirish tizimini sezilarli darajada yaxshilashgan. Bunday raketa nishonga tomon mustaqil harakatlanadi, ammo bu parvozning oxirgi bosqichida ro‘y beradi. Undan oldin esa raketa nishongacha yetib borish uchun tashqaridan boshqarilishi kerak bo‘ladi.

Rossiyaning X-35 raketalari qo‘llanadigan «Bal» sohil raketa majmuasi ham shunday sxemada ishlaydi. Nishonni belgilash turli manbalardan - sun’iy yo‘ldoshdan, radarli samolyotlardan, dronlardan, boshqa kemalardan bo‘lishi mumkin. Bu mohiyatan nishonning joylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatishdir.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi brifingda amerikaliklar ukrain raketalari uchun nishonlarni belgilab berish bilan shug‘ullanmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu regionda P-8 Poseidon samolyotlari patrullik qiladi va ular bunday vazifani bajarmagani aniq. Ammo, harbiy blogerlar havo kengligini kuzatish bo‘yicha turli servislarga asoslanib xabar qilishicha, Qora dengiz hududida turli kunlarda boshqa razvedkachi samolyotlar, uchuvchili va uchuvchisiz uchish qurilmalarini ham payqashgan.

Avvalroq amerikaliklar Ukraina bilan tezkor razvedka ma’lumotlarini bo‘lishishlarini tan olishgan, hatto bu haqda Oq uyda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bilan uchrashuvda prezident Jo Bayden ham gapirgandi. Ammo bunday ma’lumotlar xususiyatlari hech qachon oshkor etilmagandi.

SERGEY MALGAVKO/TASS

Rossiya hukumati 13 aprel kuni Qora dengiz floti flagmanida o‘q-dori portlashi tufayli yong‘in chiqqani haqida xabar bergandi. Keyingi kuni kema Sevastopolga shatakka olib ketish chog‘ida cho‘kib ketgani ma’lum qilindi. 22 aprel kuni Rossiya mudofaa vazirligi bu yong‘in oqibatida ekipajning bir a’zosi halok bo‘lib, 27 kishi «bedarak yo‘qolgani» haqida xabar qildi. Shundan buyon bu odamlarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Rossiya hukumati portlash sababini rasman ma’lum qilmagan.

Turli baholarga ko‘ra «Moskva» ekipaji 416 nafardan 680 nafargacha bo‘lgan. So‘nggi raqam RF mudofaa vazirligi rasmiy saytida Qora dengiz floti flagmani tarifida keltirilgan, ammo hozirda bu sahifa o‘chirib qo‘yilgan. Rossiya Tinch okeani flotining xuddi shunday tavsiflangan va «Moskva» kabi qurollangan flagmani bo‘lmish «Varyag» kreyseri ekipaji ham 680 kishini tashkil etadi.

RIA Novosti 14 aprel kuni «Moskva» ekipaji 500 kishidan iboratligi haqida xabar bergan, Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Arestovich esa korablda taxminan 510 dengizchi bo‘lganini aytgan.

Mavzuga oid