Jahon | 08:38 / 05.06.2022
38337
3 daqiqa o‘qiladi

Makron «Rossiyani kamsitmaslik»ka chaqirdi. Ukraina TIV rahbari bunday chaqiriq Fransiyani kamsitishini aytdi

Dmitro Kuleba Rossiya o‘zini o‘zi kamsitib bo‘lganini ta’kidladi.

Foto: Julien de Rosa/EPA

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron mahalliy nashrlarga bergan intervyusida Rossiyani «kamsitish kerak emasligi, janglar to‘xtaganida, vaziyatdan diplomatik yo‘l bilan chiqish mumkin bo‘lishi» haqida gapirdi.

Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba Makronning 3 iyun kuni chiqqan intervyusiga munosabat bildirarkan, tvitterida shunday yozdi:

«Rossiyani kamsitmaslikka chaqiriqlar faqat Fransiyani yoki bunga chaqiruvchi boshqa istalgan mamlakatni tahqirlashi mumkin. Chunki Rossiyaning o‘zi o‘zini kamsitib bo‘lgan. Biz barchamiz yaxshisi RFga qanday qilib o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘yish haqida o‘ylaganimiz ma’qul. Bu tinchlikni qaytaradi va odamlar hayotini saqlab qoladi».

Parchalari The Guardian nashrida e’lon qilingan intervyuda Makron Vladimir Putin Ukrainaga bosqin uyushtirib, «tarixiy va ulkan» xatoga yo‘l qo‘ygani, ammo, shunga qaramay, harbiy harakatlar yanada kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya muzokaralarda vositachilik qilishga tayyor, uning o‘zi esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘rovi bo‘yicha 2021 yil dekabridan buyon Putin bilan gaplashish uchun «100 soat vaqtini sarflagan».

Rossiya bilan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilgan David Araxamiya 4 iyun kuni teleefirda «muzokaralarni Ukrainaning pozitsiyasi kuchayganida davom ettirish zarurligi»ni aytdi.

«Birinchi navbatda, hozirda bizning pozitsiyamiz xalqaro hamkorlarimiz doimiy ravishda va’da qilib kelayotgan qurollar yetarli miqdorda yetkazib berilishi bilan kuchaytirilishi mumkin. Bizning qurolli kuchlarimiz ulardan foydalanishga tayyor. O‘ylaymanki, o‘shanda kuchaygan muzokara pozitsiyasi bilan muzokaralarning yangi raundi tashabbusini bildirish mumkin», — deya Araxamiyaning so‘zlarini keltirgan «Ukrainskaya pravda».

  • Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron avvalroq Ukrainaning YeIga qabul qilinishi ko‘p yillarni olishini aytib, Ukrainani ham o‘z ichiga oladigan yangi «Yevropa siyosiy hamjamiyati»ni tuzishni taklif qilgandi. Ukraina hukumati bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamadi.
  • Ukraina va Rossiya o‘rtasida so‘nggi o‘zaro muzokaralar mart oyi oxirida Istanbulda bo‘lib o‘tgandi. Shundan keyin muzokaralar jarayoni muzlab qolgan. Rossiya bunda Ukrainani ayblamoqda, ukrain hukumati muzokaralarni davom ettirishga tayyorligi, ammo Rossiya tomoni «ultimatumlar» qo‘ymasligi kerakligini aytmoqda.

Mavzuga oid