Germaniya kansleri va Ispaniya bosh vaziridan keyin, 5 aprel kuni Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen ham Pekinga tashrif buyurmoqda.

Yevropa Kiyevga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda yordam bermoqda va urush tezroq tugashidan manfaatdor. Biroq ular Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash sharti bilangina tinchlikka erishishga rozi. Tabiiyki, Kreml bunga rozi emas, uning ortida esa Xitoy turibdi.

Yevropaliklar Xitoyni Yevropada urush va tinchlik masalasini hal qilishda YeI mustaqil kuch ekaniga, Xitoyning asosiy dushmani bo‘lmish AQShning ko‘lankasi emasligiga ishontirishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga ular Pekinga asosiy tushunchani ham yetkazmoqchi — «biz hamkorlik qilishga tayyormiz, biroq Xitoy qizil chiziqni kesib o‘tib, Putinga harbiy yordam berishga qaror qilsa, barchasi tubdan o‘zgarishi mumkin».

Avvalgi yevropalik mehmonlar Pekinda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Makron va fon der Lyayyen buni uddalaydimi?

Xitoy va Putin

Urush boshida Makron doimiy ravishda Putin bilan qo‘ng‘iroqlashib turdi, biroq oradan bir yil o‘tib, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Kreml o‘rtasidagi aloqalar barbod bo‘ldi. Pozitsiyalar shu qadar murosasiz bo‘ldiki, yevropadagilar halokatli vaziyatni oldinga siljita oladigan davlat aynan Xitoyligi, Putinga ta’sir ko‘rsatadigan yagona lider esa Si Jinping ekani haqida tez-tez gapira boshladi.

«Shubhasiz, Xitoy bu keskinlik to‘lqinini har ikki yo‘nalishda ham o‘zgartirishga qodir sayyoramizdagi kam sonli davlatlardan biri va ehtimol dunyodagi yagona davlatdir», degan Makron ma’muriyati vakili.

«Biz eng yomon ssenariydan qochishni xohlaymiz va shuning uchun ham biz ular (xitoylar) bilan muloqot o‘rnatishimiz, o‘z pozitsiyamizni belgilashimiz va o‘rta muddatli kelajakda bu urushni tugatish yo‘llarini topish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak», deya qo‘shimcha qilgan u.

Xitoyning bu jarayonlardagi asosiy roli Si Jinpingning Kremlga bosim o‘tkazishda yangi richaglarga ega bo‘lgani bilan izohlanadi. Putin G‘arbdan ajratilgan Rossiya iqtisodiyotini Xitoyga qaram qilib qo‘ydi. Urushning har qanday natijasi, jumladan Rossiyaning mag‘lubiyati ham bu faktni o‘zgartirmaydi, chunki G‘arb sanksiyalarni bekor qilmoqchi emas hamda Rossiyaning neft va gazidan qat’iy ravishda qutulishga harakat qilmoqda.

Boshqa tomondan, agar Si Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatsa va G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam bersa, tarozini Kreml foydasiga og‘dirishi mumkin. Hozircha esa bu ikki holat sodir bo‘lgani yo‘q.