Jahon | 11:04 / 05.06.2022
27494
11 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev merosiga zarba. Qozog‘istonda konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda

Yakshanba kuni Qozog‘istonda mamlakatning asosiy qomusiga tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda. Bu prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning shaxsiy tashabbusi hisoblanadi va ko‘pchilik bu referendum orqali hukumat xalqqa davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlashni taklif qilmoqda deb hisoblamoqda.

Foto: AFP

Hozirgi referendum To‘qayev hukumatining «parlamentni tinglash» siyosati o‘zanida yotadi va avtokratiyadan charchagan jamoatchilik talabiga javob bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ekspertlarning hisoblashicha, To‘qayev uchun bu yanvar oyidagi namoyishlar va mojaroni hal qilish uchun KXShT qo‘shinlarini chaqirish bo‘yicha ko‘pchilik tomonidan yaxshi qabul qilinmagan qaroridan keyin o‘z reputatsiyasini tiklashga bo‘lgan navbatdagi urinishidir.

Bu mustaqillik davrida Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan uchinchi referendumdir. Avvalgi ikki referendum 1995 yilda bo‘lib o‘tgan: birinchisi - Nazarboyevning prezidentlik vakolatlarini uzaytirish bo‘yicha, ikkinchisi - konstitutsiyaga oid, uning yakunlariga ko‘ra hozirgi asosiy qomus qabul qilingan. Keyinroq mamlakat konstitutsiyasi besh marta o‘zgartirildi. Jami 19 moddaga 26 tuzatish kiritildi. O‘zgartirishlarni parlament ma’qullagan.

Referendum qanday o‘tadi?

Qozog‘istonliklar bu galgi referendumda bir butun paketga ovoz berishadi, ya’ni birato‘la barcha tuzatishlarga rozilik beradi yoki qarshilik bildiradi.

Mamlakatning asosiy qonunidagi turli 33 moddada jami 56 tuzatish nazarda tutilgan, shu tariqa, amalda konstitutsiyaning uchdan bir qismi qayta yoziladi.

O‘zgartirishlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi va jamoatchilikka taqdim etildi. Ammo ko‘plab ekspertlar fuqarolar aynan nima uchun ovoz berishga borishlarini anglashlariga shubha qilishadi.

«Barcha tuzatishlar bilan tanishishga urinish, agar siz ekspert yoki tahlilchi bo‘lmasangiz, izlanishga o‘xshaydi. Ularning ko‘pida formulirovka juda murakkab va mohiyatdan chalg‘itadi. Axir kimgadir ellikta tuzatishdan beshtasi, yoki 10 tasi yoki o‘n beshtasi ma’qul bo‘lishi mumkin, ammo fuqarolarda har bir tuzatish uchun alohida ovoz berish imkoniyati yo‘q», deydi qozoq politologi Dosim Satpayev.

Nazarboyev merosiga zarba

Qozog‘istonliklarning aksari bugungi muammolar sababini Nazarboyev merosida ko‘rishadi
Foto: GETTY IMAGES

Aksar qozog‘istonliklar ovoz berishga Nursulton Nazarboyev elboshi tituli (qozoq tilida «millat otasi») va boshqa imtiyozlaridan mahrum bo‘lishi uchun borishini aytadi.

Mamlakatning birinchi prezidenti, 29 yil 8 oy va 26 kun davomida hokimiyatda qolgan Nazarboyev bir yil muqaddam Qozog‘iston Xalq assambleyasi raisi lavozimidan voz kechgan, joriy yil yanvar oyida esa Xavfsizlik kengashi raisligidan ham ketgandi.

Shundan so‘ng u amalda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi va referendum arafasida intervyu berdi. «Kommersant’» bilan suhbatda Nazarboyev referendumda To‘qayevni qo‘llab-quvvatlashni va’da qildi va iste’foda ekanida global yadroviy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanayotganini aytdi.

Politologlar 2022 yil yanvari voqealari Nazarboyev elita ichidagi to‘qnashuvda o‘z vorisi To‘qayevga mag‘lub bo‘lganini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi. Uning ko‘plab qarindoshlariga qarshi tekshiruvlar, ular davlat lavozimlaridan ketishi va ayrim hollarda hibsga olinishi ham shundan dalolat qiladi.

Eng shov-shuvli hibs mart oyida Nazarboyevning jiyani, yirik biznesmen Qayrat Sotiboldining hibsga olinishi bo‘lgandi, u amakisi prezidentligi davrida bir qator yuqori lavozimlarni egallagan.

Yanvar-fevral oylarida Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimov va uning uch nafar o‘rinbosari ham qo‘lga olingandi. Ular davlatga xiyonatda, hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishda va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlangan.

Qozog‘istonliklarning ko‘pchiligi Nazarboyev va uning qarindoshlarini so‘nggi o‘ttiz yillikda hokimiyatni uzurpatsiya qilish (hokimiyatni qonunga xilof ravishda tortib olish) va boylik orttirishda ayblab, mamlakatdagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolarning bosh sababchilari sifatida bilishadi.

Shu tariqa, hukmron partiya nomlanishidan boshlanib, uning yaqinlariga daxlsizlik huquqini ham taqdim etgan elboshi merosi bosqichma-bosqich yo‘q bo‘lmoqda. Nur-Sulton shahri nomi yana Ostonaga qaytarilishi ehtimoli yaqinlashmoqda.

«Hokimiyat uzurpatsiyasi va davlat rahbarining qarindosh-urug‘lariga davlat lavozimlarini egallashni taqiqlash haqidagi moddalar aholi orasida mashhurlikka erishdi va keng reklama qilinmoqda. Ammo aslida, o‘zgartirishlar mohiyatiga chuqurroq kirilsa, konstitutsiyaning yangi tahririda prezident vakolatlari umuman kuchsizlanmasligini ko‘rish mumkin», deya qayd etadi Satpayev.

Superprezidentlik tizimidan voz kechish

To‘qayev o‘zini «parlamentga quloq tutuvchi prezident» sifatida namoyon etmoqda

Tahlilchilar hozirgi konstitutsion islohotni superprezidentlik tizimidan voz kechish sifatida ko‘rib chiqishmayapti, shu bilan birga, tuzatishlar kiritish orqali prezident hokimiyatini zaiflashtirishga urinishlar borligini inkor etishmaydi.

Masalan, endi prezident ham, akimlar ham (oblastlar gubernatorlari va shaharlar merlari), sudyalar yoki harbiylar ham bir vaqtning o‘zida siyosiy partiyalarga a’zo bo‘la olishmaydi.

Islohotlar ikki palatali parlament tizimiga ham taalluqli bo‘ladi: endi majilisga (quyi palata) saylovlar majoritar-proporsional tizimida o‘tkazilishi kerak (deputatlarning bir qismi partiya ro‘yxati bo‘yicha, qolgani ma’lum uchastkalarda ovoz berish yo‘li bilan saylanadi). Shu vaqtga qadar majilisning 98 nafar a’zosi partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan, yetti nafarini - Qozog‘iston Xalq assambleyasi tanlagan.

Ammo Senat (parlamentning yuqori palatasi, hududiy vakillar va prezident tomonidan tayinlangan deputatlardan iborat) esa tugatilmaydi, holbuki uning mavjudligi ekspertlarda ko‘plab savollar tug‘dirib keladi.

Ular Senatni faqat birgina funksiyaga - prezident impichmentini imkonsiz qilish funksiyasiga ega bo‘lgan keraksiz organ deb hisoblashadi. Ammo konstitutsiyaning yangi tahriri Senat tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishni ko‘zda tutadi: prezident tomonidan tayinlanadigan deputatlar soni 15 nafardan 4 nafargacha kamayadi.

Ikki yoqlama tuzatishlar

Satpayevning qayd etishicha, tuzatishlarning ko‘pchiligi jamiyat xohlayotgan o‘zgarishlar to‘plami, ammo bir xil to‘ldirish bilan.

Eng ommabop tuzatishlardan biriga ko‘ra, prezident endi avvalgi kabi akimlarni tayinlamaydi. Ammo bu masalaga yaqindan qaralsa, bu shunchaki chalg‘itish bo‘lib chiqadi.

«Yangi tuzatishga ko‘ra, prezident shunchaki ikki nomzodni maslahatga (hududiy hokimiyat organi - BBC) taklif qiladi va o‘z navbatida kengash ulardan birini tanlaydi. Boshqa so‘z bilan aytganda, bu prezident qo‘llab-quvvatlagan nomzod bo‘ladi», deydi ekspert.

Nazarboyev davrida qabul qilingan yana bir bahsli modda ham konstitutsiyaning yangi tahririda saqlanib qolgan. Uning mohiyati shundan iboratki, bir kishi davlat rahbari lavozimini ketma-ket ikki martadan ortiq egallay olmaydi.

Uning vazifasi - hokimiyat bir shaxs tomonidan uzurpatsiya qilinishining oldini olish vositasi bo‘lib xizmat qilishdir. Ammo ekspertlar fikriga ko‘ra, «ketma-ket» so‘zi davlat rahbariga hokimiyatni «Putin-Medvedev-Putin» ssenariysi bo‘yicha tranzit qilishga bo‘shliq (lazeyka) qoldiradi.

To‘qayev referendumda avvalroq Nazarboyev tomonidan tugatilgan Konstitutsiyaviy sudni tiklashni taklif etmoqda, ammo sud raisini tayinlash va uning o‘rinbosarlarini tasdiqlash vakolati davlat rahbarida qoladi.

Shu tariqa, oldingi vakolatlarning ko‘p qismi - bosh qo‘mondonlik, parlamentni tarqatib yuborish huquqi, hukumat a’zolarini tayinlash, oliy sud raislarini tayinlash va ishdan bo‘shatish huquqlari prezidentda qolishda davom etadi.

Ammo taklif etilayotgan o‘zgarishlarda xalq hokimiyati tomon qadamlar, shuningdek qonunchilikni insonparvarlashtirishga ishoralar mavjud.

Kichik partiyalar uchun talablarni susaytirish va o‘lim jazosi bekor qilinishi

Yanvar namoyishlari bostirilgach, Qozog‘iston fuqarolari mamlakat siyosiy kelajagi borasida ortiqcha optimizmga berilmayapti

Konstitutsiyaviy islohot saylovlarda ishtirok etuvchi partiyalarni ro‘yxatga olish chegarasini to‘rt barobar qisqartirishni nazarda tutadi.

Endi ro‘yxatdan o‘tish uchun partiyalar 20 mingdan ortiq imzo to‘plashi shart emas, besh ming ham yetarli bo‘ladi. Ro‘yxatga olishning yuqori chegarasi Qozog‘istonda muxolif partiyalar uchun asosiy muammolardan sanalardi va ular shu tariqa saylovoldi poygasidan oldinroq chetga chiqarilardi.

Tuzatishlardan biri o‘lim jazosiga taqiqni Asosiy qomus bilan mustahkamlab qo‘yishdir. Qozog‘istonda o‘lim jazosi qonunchilik bilan 2021 yil dekabridan bekor qilingan, ammo hali bu konstitutsiyada aks etmagandi.

2004 yildan buyon Qozog‘istonda o‘lim hukmlarini ijro etishga moratoriy amal qiladi, shu bilan birga sudyalarga bunday hukm chiqarish taqiqlanmagan.

Qozog‘istonda o‘lim jazosiga muqobil sifatida umrbod ozodlikdan mahrum etish hukmi chiqarib kelinadi.

Referendum va qozog‘istonliklar

Yanvar namoyishlaridan keyin qozog‘istonliklar konstitutsiya islohoti loyihasiga shubha bilan yondashishdi.

Yanvar voqealari Qozog‘iston uchun tom ma’noda silkinish bo‘lgandi
ABDUAZIZ MADYAROV/AFP VIA GETTY IMAGES

Referendum arafasida o‘tkazilgan tashviqot kampaniyasi mazmuni davomat yuqoriligini ta’minlashga qaratildi.

Prezident Markaziy kommunikatsiyalar xizmati tomonidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 60 foiz atrofidagi kishi referendumda qatnashish istagini bildirgan, 70 foizdan ortig‘i referendum haqida xabardor va uning o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

«Xalq yanvarda va yanvar voqealaridan keyin o‘zgarishlarni talab qildi, referendum esa hukumatning bu so‘rovni qondirishga bo‘lgan urinishi. Shuning uchun, bu ham, albatta, yo‘qdan ko‘ra yaxshiroq», deya referendum haqidagi fikrini bildiradi Satpayev.

Uning fikricha, markaziy hukumat referendumda har bir regiondagi munitsipal hokimiyat organlarining saylovlardagi faollikni hamda 2024 yilga mo‘ljallangan prezidentlik saylovlarida talab qilingan natijani ta’minlash imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.

«Siyosiy nuqtayi nazardan, xalqaro hamjamiyat ko‘z o‘ngida To‘qayevning legitimligi oshgani kuzatilmoqda: prezident siyosiy islohotlar va’da qilgandi va uni o‘tkazmoqda. Ammo yodda tutish kerakki, Qozog‘iston xalqi nafaqat siyosiy islohotlar, balki ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni ham kutadi. To‘qayev barchasini o‘z o‘tmishdoshiga to‘nkashda abadiy davom eta olmaydi», deb hisoblaydi politolog.

Mavzuga oid