Sanksiyaga uchragan rossiyaliklarning 30 mlrd dollarlik aktivlari bloklandi
Ukrainaga bostirib kirish sababli turli sanksiyalar ostida qolgan rossiyaliklarning bloklangan va muzlatilgan aktivlari miqdori 30 milliard dollarga yetdi. Markaziy bankning muzlatilgan aktivlari yana 300 milliardga baholanmoqda.
2022 yilning mart oyidan beri sanksiyalarga duchor bo‘lgan rossiyaliklarning dunyo bo‘ylab 30 milliard dollar miqdoridagi aktivlari bloklangan va muzlatilgan. Bu haqda 29 iyun, chorshanba kuni chop etilgan Rossiya elitasining aktivlarini tintuv qilish va xatlovga olish bo‘yicha xalqaro guruhning qo‘shma bayonotida aytiladi.
Joriy yilning mart oyida tashkil etilgan «Rossiya elitalari, ishonchli vakillari va oligarxlari» (REPO) guruhi Yevropa, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Avstraliya va Kanada moliya, adliya hamda ichki ishlar vazirliklari vakillaridan iborat. Tashkilotning vazifasi «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan sanksiya qo‘yilgan jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini aniqlash, cheklash, muzlatish, musodara qilish uchun barcha mavjud huquqiy vositalardan birgalikda foydalanish», deyiladi REPO xabarida.
Birinchi yuz kunlik ish natijalariga ko‘ra, guruh 30 milliard dollarlik moliyaviy-iqtisodiy aktivlar, shuningdek, Rossiya Markaziy bankining 300 milliard dollarlik aktivlari muzlatilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, rossiyalik milliarderlarga tegishli yaxtalar va ko‘chmas mulklar topildi va bloklandi. REPO ishning birinchi natijalarini sarhisob qilib, Rossiyaning jahon moliya tizimiga kirishi cheklanganini e’lon qildi, «chunki Rossiyaga Ukrainada adolatsiz urush olib borish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni sotib olish qiyinlashdi».
Guruh, shuningdek, o‘z maqsadlariga erishish uchun xususiy sektor, markazga kirmaydigan davlatlar bilan hamkorlik qilishi, turli reyestrlardan, jumladan, bank hisoblari va benefitsiar egalaridan foydalanishini xabar qildi. «REPO ishi hali yakunlangani yo‘q», — deyiladi markaz xabarida.
Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham Yevropa davlatlarini Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini xatlovga olish va ulardan urushdan keyin Ukrainani qayta tiklash uchun foydalanish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner «katta yettilik» va Yevropa ittifoqi bu masalani muhokama qilayotganini tasdiqladi. «Siyosiy ma’noda men Rossiya Markaziy bankining xorijiy aktivlarini musodara qilish g‘oyasi tarafdoriman», deb tan oldi u.
Lindnerning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik jismoniy shaxslarning muzlatilgan aktivlari masalasida qonun ruxsat bergan imkoniyatlarni o‘rganish kerak. «Biz rossiyalik oligarxlar bilan ish ko‘rganimizda ham qonun ustuvorligini hurmat qilishimiz kerak», degandi vazir may oyida.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va bosh vazir Denis Shmigal Rossiya bosqinidan keyin Ukraina iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklash xarajatlarini 600 milliard dollarga baholadi. Ukraina iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Kudin may oyida Kiyev g‘arb hamkorlari bilan birgalikda Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan 415 milliard dollardan bu maqsadlarda foydalanish mexanizmini ishlab chiqayotganini aytdi.
Mavzuga oid
12:03 / 31.10.2024
AQSh O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikki kompaniyaga qarshi sanksiya kiritdi
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
13:10 / 22.10.2024
Politico: YeIda RFga qarshi sanksiyalar bo‘yicha muhokama qayta boshlanadi
13:35 / 12.10.2024