Qoraqalpog‘istondagi mitinglar axborot xurujlari ta’sirida boshlandimi? - siyosatshunos bilan suhbat
Qoraqalpog‘istondagi voqealar atrofida bir qancha qarashlar, munosabatlar bildirildi. Ba’zilar: «Oddiy xalqning o‘z fikrini bildirishi tashqi kuchlar, provokatorlar tomonidan noqonuniy harakatlarga aylantirib yuborildi», deb ham aytishmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosatshunos olim Sayfiddin Jo‘rayev shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Sayfiddin aka, Qoraqalpog‘istonda mitinglar boshlanib ketishi va keyin uning radikal tus olib ketishi haqida siyosatshunos sifatida qanday fikr bildira olasiz?
— Namoyishlarning «yuqori darajada» va birdaniga tashkil etilgani har tomonlama (oldindan) tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatadi. Bular quyidagilarda ko‘rinadi.
Birinchisi, mana, hamma yerda (qonun loyihasining) muhokamasi boshlanganidan keyin, 2-3 kun o‘tib, buning keng muhokamasi uchun Telegram-kanal tashkil qilindi. Shu Telegram-kanal tashkil qilinganidan keyin, soatiga 5-6 ming kishi a’zo bo‘lishni boshladi. Mana shu holatdan, ya’ni katta auditoriyaning birdaniga yig‘ilishi oldindan tayyorlab qo‘yilgan. Men nimaga asoslanib aytyapman? Bunday ssenariylar birinchi marta bo‘lishi emas. 5-6 yil avval Arab bahorida, keyin Ukraina, Serbiyada, yana qo‘shni davlatlarda ham bo‘ldi. Biz bu narsalarni ko‘rganmiz, o‘zimiz o‘rganganmiz.
Ko‘pchilik buni axborot urushi deyishi mumkin, mana shu orqali aholini davlat siyosatiga teskari qilib qo‘yish, turli noroziliklarni yuzaga keltirish mumkin.
Kechagi voqealarga qaraylik, Telegram-kanal ochildi, ish ketyapti, birozdan keyin kanalda birdaniga tezislar (yo‘l-yo‘riqlar) paydo bo‘la boshladi. Masalan, hukumatga qarshi bo‘lish uchun qanday gaplar bilan murojaat qilish kerak, kimlarni haqorat qilish kerak va kimlarni maqtash kerak? Buning ustiga mana shu tezislarda Konstitutsion islohot qoraqalpoqlarning manfaati uchun emas, ularning obro‘yini yerga urish, Qoraqalpog‘iston mustaqilligini yo‘qotishga qaratilgan, deb yozilgan gaplarni ham tarqatishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ham bir qancha insonlar qizil kiyimlarda yurganini ko‘rish mumkin. Bu yaqqol namoyon bo‘ladigan obraz hisoblanadi. Ular uzoqdan, har 3 kishiga aytib turadigan, yo‘naltirib turadigan odamlardir. Keraklicha odamlar yig‘ilgach, mana shu insonlar olomonni sekin hukumat binolari tomon yo‘naltirishni boshlaydi.
Yana bir holatni ham kuzatdik, ijtimoiy tarmoqlarda «konkret» bir harakatga o‘tish kerak degan tezislar ham tarqatildi. Hamma narsa pishdi, endi ular barcha huquq-tartibot xodimlari namoyishchilar tomoniga o‘tgani, endi idoralarga borish va o‘zlarini himoya qilish uchun qurol olishi kerakligi, umuman shunga o‘xshash chorlovlarini ham kuzatdik. Mana shunga o‘xshash tezislar, yo‘l-yo‘riqlarning doimiy ravishda kelib turgani ham tashqi kuchlar ta’siri borligining bir elementi hisoblanadi.
— Namoyishchilarni boshqarib turuvchi insonlar, provokatorlar bo‘lganini aytib o‘tdingiz. Lekin baribir mana shu mitinglarga chiqqanlarning aksariyatini oddiy aholi tashkil qilgan. Oddiy fuqarolarning qurol ishlatadigan darajagacha kelishi uchun ham qandaydir jiddiy sabab kerak emasmi?
— E’tibor qaratadigan bo‘lsak, namoyishchilarning bir guruhi o‘rtaga shior tashlaydi, ya’ni «O‘ldir! Ur! Ol qurolini! Tosh ot!» deyapti, xuddi buyruq bergandek. Mana shu ta’sirlar natijasida odamlar ham toshlarni otdi. Buning ustiga psixotrop dori vositalari ham bunga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, insonlarning ruhiyatiga ta’sir qilish orqali shu holatgacha olib kelingani va psixotrop moddalarning ta’siri, qizil kiyimdagi «boshliq»larning yo‘naltirishi bilan qurollarni olib, undan foydalanishgacha borishgan.
Shuning uchun buni birinchi navbatda o‘rganish, kuzatish va bunday holatgacha olib keladigan sabablarga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
— Demak, bu voqeani yaxshilab o‘rganishda uni keltirib chiqargan sabablarning oldini olish kerak. Nima deb o‘ylaysiz, sabablardan biri sifatida davlatning ham ta’siri bormi?
— Menimcha, jamoatchilikka shu holat (Konstitutsion islohot)ni tushuntirib, ichiga kirib borish va tashviqot ishlarini olib borish yetarli darajada bo‘lmagan. Agar oddiy aholi bilganida edi, bunaqangi oqibatlarga olib kelmagan bo‘lar edi.
Bu yerda bilmaslik, xabardor bo‘lmaslik ham sabab bo‘lgan, demak, biz bundan keyin ham mana shularning oldini olishimiz kerak bo‘ladi.
Shuningdek, axborotga qarshi axborot siyosatini olib borish orqali ham bunga qarshi ishlasak bo‘ladi. Axborotni samarali qilib, birovga yoqadigan tarzda berish ham odamlarni ko‘chaga namoyish uchun olib chiqishi mumkin. Agar qarshi kurashadigan bo‘lsak, bizning ishlarimiz ham mana shunday, hatto ustun bo‘lishi kerak.
Shu yerda yana bir narsani aytib o‘tishim kerak, tashqaridan turib mana shu ishlarni qilayotgan insonlar bitta xatoga yo‘l qo‘yishdi. O‘ylashgandiki, o‘zbeklar va qoraqalpoqlar o‘rtasida janjal bo‘ladi. U yerda qoraqalpoqlar, o‘zbeklardan tashqari, qozoqlar, yana boshqa millatlar ham yashaydi. G‘arazli niyatdagi tashqi kuchlar esa mana shu millatlar o‘rtasida katta janjal yuzaga kelib, beqarorliklar bo‘lib ketadi deb o‘ylagandi. Ular adashgan edi, endi esa ular bilib qo‘yishadi. Bu yerda millatlararo janjal kelib chiqmaydi. Ayniqsa, qoraqalpoq va o‘zbeklar o‘rtasida.
Mavzuga oid
07:40 / 17.07.2024
O‘zbekistonda shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi
10:26 / 02.07.2024
Qoraqalpog‘istonda 15 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun talablari buzilgan – Raqobat qo‘mitasi
12:31 / 01.07.2024
Uchta hududda xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi
08:27 / 20.06.2024