O‘zbekiston | 17:35 / 25.07.2022
22585
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika tez tibbiy yordam markaziga rahbar tayinlandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Abduvoitjon Huseynovich G‘afurov Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

41 yoshli Abduvoitjon G‘afurov iqtisodchi va dasturchi-muhandis mutaxassisligiga ega. 

U o‘z faoliyati davomida qator xususiy sektor korxonalarida texnik, ijrochi va bosh direktor kabi rahbarlik lavozimlarida ish olib borgan. 

Ma’lumot uchun, prezidentning shu yil 16 iyundagi «Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tashkil qilingandi. 

SSV matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, mazkur tuzilma sog‘liqni saqlash sohasida tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi sifatida faoliyat yuritadi. 

Shuningdek, yuqoridagi qarorda tuzilmaga mamlakat bo‘ylab tez tibbiy yordam bo‘yicha yagona elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi va yagona «Call-markaz»lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tez tibbiy yordam avtotransport vositalarini radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar bilan, tez tibbiy yordam brigadalarini planshetlar bilan to‘liq ta’minlash, IT-texnologiyalardan samarali foydalangan holda tizimni unikal ko‘rinishga keltirish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.

Mavzuga oid