O‘zbekiston | 09:30 / 18.08.2022
4183
9 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston – O‘zbekiston: do‘stlik, sheriklik va ittifoqdoshlikning 30 yilligi

Joriy yilning noyabr oyida Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi orasida diplomatik aloqalarning o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi.

Mustaqil rivojlanish yillarida Qozog‘iston va O‘zbekiston orasida munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va o‘zaro foydali sheriklik ruhida rivojlanib keldi. Bizning mamlakatlarimiz qandaydir hal qilib bo‘lmaydigan kelishmovchilikka duch kelmagan. Bizlarni Markaziy Osiyodagi eng uzun chegara bog‘lab turibdi va uni darhaqiqat do‘stlik chegarasi deb atasa bo‘ladi.

Yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatning misoli tariqasida 2020 yil may oyida Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi natijasida suv bosgan hududlarni tiklash bo‘yicha ikki mamlakatning birgalikda ish olib borganligini eslatish mumkin. Biz bir birimizni pandemiya davrida ham o‘zaro qo‘llab-quvvatlab, zarur yordamni berib turdik.

Ikki tomonlama munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashda va ikki xalqlarning yanada yaqinlashuvida mamlakatlarimizda yashovchi ko‘plab qozoq va o‘zbek diasporalari muhim rol o‘ynamoqda, ular uchun milliy madaniyat, til va an’analarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Milliy-madaniy markazlar faoliyat olib bormoqda, o‘zbek va qozoq tilida ta’lim beruvchi maktablar ishlayapti, qozoq va o‘zbek tillarida gazeta va jurnallar chop etilmoqda. Qozog‘istondagi oliy o‘quv muassasalarida 14 mingdan ziyod O‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Shu kontekstda aytmoqchi edimki, ayni paytda Qozog‘istonda va O‘zbekistonda ikki mamlakatlarning universitetlari filiallarini paritet asosida ochish masalasi ko‘rilmoqda.

Bizning xalqlarimiz qadim zamondan tinchlikda va murosada, bir birini qo‘llab-quvvatlagan holda yashab kelmoqda. Bizni umumiy chegara, tarixiy taqdir, qarindosh tillar, din, madaniy qadriyatlar, an’analar va urf-odatlar birlashtirib turibdi. Mana shu zamin yaratuvchi asoslarga tayangan holda biz keng ko‘lamli munosabatlarda misli ko‘rilmagan cho‘qqilarga erishdik.

Mana shu uch o‘n yillik mobaynida mamlakatlarimiz orasida munosabatlar sifat jihatdan yangi, strategik sheriklik darajasiga chiqdi, davlatlararo munosabatlar namunasi bo‘ldi. So‘zsiz, bunday natijaga mamlakatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli erishildi. Qozoq-o‘zbek ikki tomonlama hamkorlikda umuman yangi sahifa ochildi – davlatlararo aloqalar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu, o‘z navbatida, bizni mamlakatlarimizni yanada yaqinlashishga olib keladi va munosabatlarning eng ishonchli xarakterini ifodalaydi.

Siyosiy sohada faol va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘ydik. Oliy darajada ushbu muloqot mamlakatlarimiz rahbarlarining shaxsiy ishonch va o‘zaro qo‘llashi bilan namoyon bo‘lmoqda. Faqatgina joriy yilning boshidan Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlari 10 marotaba telefon orqali muloqotga kirishdilar. Davlat rahbarlari o‘zlari boshqaradigan Oliy davlatlararo kengashni ta’sis etishga kelishib oldi. Aslida u yaqin qo‘shnilar va sodiq do‘stlarga xos bo‘lgan xayrixohlik va iliq uchrashuvlar yangi an’anasini boshlab beradi.

Hukumatlar darajasida ham uyg‘unlikda ish olib borilmoqda, parlamentlararo aloqalar ham faollashib va mustahkamlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz davlat organlari va idoralarining aloqalari yaqinlashgan rejimiga o‘tkazildi. Ular nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri kontaktlarni, balki yaxshi munosabatlarini ham o‘rnatgan – ko‘plab savollarni telefon orqali yoki video konferens-aloqa rejimida hal qilishga erishilyapti, bu esa qarorlarni qabul qilishni tezlashtiradi.

Xalqaro trekda bizda ko‘plab mintaqaviy va xalqaro kun tartibiga oid savollar bo‘yicha umumiy va yaqin qarashlar mavjud. Biz BMT, MDH, ShHT, OMIChM, IKT, TDT va boshqa tarkiblarda faol hamkorlik qilmoqdamiz, bu esa samarali aloqa va bir birimizni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik yanada rivojlanib, qo‘shma iqtisodiy tadbirlarning soni oshib boryapti (Hukumatlararo Qo‘mita, Ishbilarmonlar kengashi, Mintaqalararo forum, tovar almashuvini o‘zaro oshirish bo‘yicha ishchi guruh).

O‘zbekiston Qozog‘istonning yetakchi savdo sherigi bo‘lganligini ta’kidlamoqchiman, u Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni, MDH mamlakatlari orasida esa ikkinchi o‘rinni (Rossiyadan keyin) egallagan.

So‘nggi 5 yilda mamlakatlarimiz orasida savdo almashuvi 2 karra oshgan – 2017 yilda 1,9 mlrd dollar ko‘rsatkichdan, o‘tgan yili 4 mlrd dollar ko‘rsatkichgacha. Joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo ko‘lami oshayotganligi kuzatilmoqda – uning hajmi bugun 2 mlrd dollardan oshdi.

So‘nggi uch yilda mamlakatlarimiz orasida investitsion hamkorlik va kooperatsiya jiddiy faollashdi. Qishloq xo‘jalik va yuk tashish texnikalari, avtobuslarni ishlab chiqarish hamda savdoga qo‘yish bo‘yicha loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Sanoat kooperatsiyasida avtomobil sohasi yetakchilik qilyapti.

Ko‘stanay shahridagi «SariarkaAvtoProm» Qozog‘iston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi «Chevrolet» markali avtomobillarni ishlab chiqarish va savdoga qo‘yish ko‘lamini oshirmoqda. O‘tgan yili mazkur korxona tomonidan 316 mln dollarga teng deyarli 27 ming «Chevrolet» avtomobillari ishlab chiqarildi. Bugun «Chevrolet» Qozog‘istonda sotilayotgan brendlar orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi, «Cobalt» va «Nexia» modellari esa eng ko‘p sotilayotgan modellardir.

Toshkentda «HyundaiAutoAsia» Qozog‘iston-O‘zbekiston korxonasi «Hyundai» yengil avtomobillarini savdosi bo‘yicha muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. 2021 yilda sotuv hajmi 23,5%ga, ya’ni deyarli 120 mln dollarga oshdi va ayni paytda Qozog‘iston dilerlik markaziga avtomashinalar sotuvi bo‘yicha kvotalar 4 mingdan 10 mingtagacha oshirildi.

Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, biz davlatlararo tovar o‘tkazish tizimni yaratish orqali kuchli infrastrukturaviy bazani yaratish jarayonidamiz, u chakana-taqsimot va agrologistika markazlaridan iborat bo‘ladi.

Geosiyosiy va epidemiologik inqirozlar tufayli global va integratsion jarayonlarning turg‘unlikka tushib qolishi, transport aloqalar va ta’minot zanjirlarining buzilishi sharoitida aynan qo‘shnichilik omili mamlakatlarimizning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Qozog‘iston va O‘zbekiston rivojlangan ashyoviy, sanoat va tranzit salohiyatiga ega. Mamlakatlarimizning iqtisodiy va ashyoviy salohiyati tovar almashuvini 10 mlrd dollargacha oshirish uchun istiqbolli zamin yaratadi. Global miqyosda biz resurslarimizni birlashtirsak, iqtisodimizning energetika, oziq-ovqat va transport sohalaridagi ehtiyojlarini ta’minlagan hamda O‘zbekiston-Qozog‘iston mahsulotlarini mintaqaviy bozorlarda oshirgan bo‘lar edik. So‘zsiz, bularning barchasi fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlarni yaratishga ijobiy ta’sir qiladi.

Bugun biz chegara o‘tish joylarini zamonaviylashtirish ishlarini faollashtirmoqdamiz, chegarada qo‘shimcha o‘tish joyini qurish masalasini ko‘rib chiqyapmiz, mamlakatlarimiz orasida yo‘llar orqali aloqalarni rivojlantiryapmiz. O‘tgan yildan beri 6 yangi avia-yo‘nalishlar ochildi, avtobus va temiryo‘l aloqalari tiklandi va kengaytirilmoqda. Bularning hammasi nafaqat o‘zaro turistik oqimlarini faollashtirishga, balki ishbilarmonlik hamkorligini jadallashtirishga ham qaratilgan.

Umuman olganda, shuni ta’kidlamoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz jadal rivojlanish va ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishida harakatlanmoqda, ularda o‘zaro foydali hamkorlikning yangi cho‘qqilariga olib chiquvchi yirik salohiyat mavjud.

Jug‘rofiya bizni yaqin qo‘shni qilib qo‘ydi, tarix bizni birodarlarga aylantirdi, iqtisod esa bizni xayrixoh va ishonchli sheriklar sifatida shakllantirdi. Biz nafaqat mustahkam aloqalarni saqlab qoldik, balki davlatlarimizni bir biriga yaqinlashtirdik. Qozog‘iston va O‘zbekiston orasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini chindan sezilarli darajada ijobiy natija beradigan, birodar xalqlarimiz orasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim voqea desak bo‘ladi.

Shu o‘rinda ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning so‘zlarini keltiraman: “Ular doim, abadiy, ajralmas ittifoqda tursin”. Aminmanki, bu so‘zlar bizga, uning avlodariga aytilgan. Qozog‘istonda bizning xalqlarimiz do‘stligi va birodarligi bilan chin dildan faxrlanishadi. Biz bundan buyon ham yaxshi qo‘shnichilik, ittifoqdosh munosabatlar va o‘zaro ishonchni yanada kengaytirish niyatidamiz.

Birodar xalqlarimizga farovonlik va gullab-yashnashni, sog‘liq va muvaffaqiyatlar tilayman.

Darxon Sotiboldi
Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ⓣ

Mavzuga oid