Shavkat Mirziyoyev saudiyalik tadbirkorlarni O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga taklif qildi
Prezident saudiyalik tadbirkorlar bilan uchrashuvda ularni O‘zbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma obektlarini xususiylashtirishda qatnashishga taklif qildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jidda shahrida Saudiya Arabistoni podshohligining yirik kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih hamda podshohlikning ACWA Power, SABIC, Saudi National Bank, Al Rajhi Capital, Ma'aden, Petromin, Jamjoom Pharma, SEDCO, Salic, Albawani, Ajlan & Bros, Desert Technologies kabi 20 ga yaqin yirik kompaniya va korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda so‘z olgan Shavkat Mirziyoyev kecha valiahd shahzoda bilan muzokaralarda ikki tomonlama savdo aylanmasini bir necha karra ko‘paytirish va investitsiya loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
Prezident, shuningdek, O‘zbekistonda muvaffaqiyatli ish yuritayotgan Saudiya kompaniyalarining tajribasini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan.
Ishtirokchilarning e’tibori tashrif arafasida o‘tgan O‘zbekiston–Saudiya ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining natijalariga qaratildi: uning yakunida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ziyod loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Shavkat Mirziyoyev Saudiya kompaniyalarini yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.
Prezident, shuningdek, saudiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma obektlarini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga taklif etdi.
Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston shamol elektr stansiyalarini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish, sanoatda raqamlashtirishni chuqurlashtirish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanish borasida faol hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.
Raqamli iqtisodiyot, bio va nanotexnologiyalar, dasturiy ta’minot, innovatsiyalar va sun’iy intellekt, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va turizm loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi.
O‘zbekistonda Saudiya taraqqiyot fondi ishtirokida suv va elektr ta’minoti borasidagi infratuzilmaviy loyihalarni takomillashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev saudiyalik hamkorlarning taklif va fikr-mulohazalarini diqqat bilan tinglab, loyihalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini aytdi.
Mutasaddilarga ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlari ko‘rsatilgan kompleks “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi. Shu orqali tashrif doirasida erishilgan barcha kelishuvlar ijrosi uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladi.
Mavzuga oid
09:30
O‘zbekiston - Chernogoriya hukumatlararo komissiyasi tuziladi
20:47 / 12.11.2024
“Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz” - Shavkat Mirziyoyev
20:26 / 12.11.2024
Mirziyoyev: Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolaymiz
17:29 / 12.11.2024