10:00 / 27.09.2022
30775

“Ko‘rinmas odam” cho‘ponlarni xonavayron qilyapti: IIB murojaatni “bosti-bosti” qilish bilan ovora 

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida chorva o‘g‘irligi bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘paygani haqida xabar berildi. Yomon tomoni, jabrlanuvchilar huquq-tartibot idoralariga vaqtida xabar berishgan, biroq xodimlarning voqea joyiga yetib borishi uchun bir necha kunlab kutilgan, dalillar yo‘qolishiga imkoniyat berilgan.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Paxtachi tumanida bo‘ldi.

Go‘ro‘g‘li mahallasida yashovchi Sherali Egamberdiyev chorvachilik ortidan ro‘zg‘or tebratadi. U biz bilan suhbatda 2021 yilning 7 dekabr kuni qo‘rasidan 20 ta qo‘y o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qildi.

Cho‘pon erta turib qo‘ra atrofida begona oyoq izlarini ko‘rgan. Hodisa joyiga yetib kelgan profilaktika inspektorlari tuman sharoitida ekspertiza qilish yoki iz oluvchi itlari yo‘qligi aytgan. Shu sababli izlar ustiga plyonka tashlab qo‘yishni tayinlagan. Voqeadan uch kun o‘tib Samarqand viloyatidan mutaxassislar yetib borganida esa, izlardan asar ham qolmagan.

Sherali akaning turmush o‘rtog‘i Lobar Qosimova sakkiz-to‘qqiz oy davomida murojaat qilmagan tashkilot qolmadi hisob. Lobar opaning aytishicha, viloyat hokimining sayyor qabuliga murojaat qilish uchun borganida, u Paxtachi tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan to‘xtatib qolingan. Hatto uning qo‘lida Paxtachi tuman IIB boshlig‘i Muxtor Ahmedovning jinoyatni 15 kuni ichida ochib beraman, deb yozilgan tilxati ham bor.

Biroq natija o‘sha-o‘sha!

Darvoqe, bu birgina holat emas. Ushbu xonadondan chamasi ikki kilometr naridagi qo‘radan ham 2021 yilning mart oyida 26 ta qo‘y o‘g‘irlangan. Chorva egasi Sabohat Obloqulova murojaat qilinganidan bir oy o‘tib, IIB xodimlari o‘rganish uchun kelganini aytmoqda.

Sabohat opa gumondor haqida ichki ishlar idoralariga ma’lum qilgan. Gumon qilishiga yetarlicha asoslari ham borligini aytmoqda. Qizig‘i, ikki oila ham bir odamdan gumon qilmoqda. Chunki uning oyoq izlarini ertasi kuni qo‘ra atrofida ko‘rishgan, qolaversa, bir kun avval uylari atrofida ham uni ko‘rishgan. Hududdagi uylarning joylashuviga e’tibor qiladigan bo‘lsak, begona kishi bejizga birovning xonadoni yoki qo‘rasiga yaqinlashmaydi. Yalanglikda begonani payqash juda ham oson.

2020 yilning noyabr oyida Sarvinoz Eshqobilovaning besh bosh qoramoli ham o‘g‘irlangan. Biroq u mollar ham topilmagan.

E’tibor qiladigan bo‘lsak, uchta jinoyat ham ko‘pi bilan ikki-uch kilometr radiusda sodir etilyapti.

Murojaatchilar bilan suhbatlasha turib, ularning og‘ir vaziyatga tushib qolganini payqadik. Qishloq sharoitida beshtalab qoramolning yo‘qolishi, yigirmalab qo‘y-echkilarning qo‘radan o‘g‘irlanishi bu oilalarni tushkunlikka tushirgan. Chorvadorlarning ko‘z tikkani shu chorvasi bo‘lgan. Mol achchig‘i bilan yuqori idoralarga arz qilishganda, har safar IIB qarshiligiga uchrayapti.

Xuddi shunday vaziyatga 2020 yilning yanvarida Mirishkor tumanida guvoh bo‘lgandik. Deyarli kunda-kunora Pomuq qishlog‘ida o‘g‘irlik sodir etilgan. Mirishkorlik o‘g‘rilar har qanday izquvar va zamonaviy texnologiyalarni ham dog‘da qoldiradigan professional yoki «ko‘rinmas odam», degan xayolga borgandik. Buni qarangki, Kun.uz surishtiruvidan bir kun o‘tib o‘g‘rilar qo‘lga olingandi.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yuqoridagi holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani va tezkor surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Paxtachi tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ahmedov Kun.uz jurnalisti surishtiruvidan xabardor. Shu sababli Lobar Qosimova bilan yana suhbatlashib, uch kun muddat ichida qo‘ylarni topib berishga va’da beribdi. Evaziga surishtiruvni chiqarmaslikni so‘ragan. Qolgan ikki jabrlanuvchiga bunday va’da berilmaganiga qaraganda, jinoyat vaqt o‘tgani sari unutilyapti. Ichki ishlar bo‘limi nazdida, albatta.

Umid qilamizki, Paxtachidagi “ko‘rinmas odam” ham tez orada qo‘lga olinadi. Qachonki, ichki ishlar bo‘limidagilar va’dabozlikdan tiyilib, “bosti-bosti” qilishga zo‘r berishni to‘xtatsa. O‘z ishi bilan shug‘ullansa. 

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top