Jahon | 11:26 / 08.10.2022
9900
3 daqiqa o‘qiladi

Parij Fransiya fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirdi

Fransiyadan Eronga tashrif buyurgan har qanday mehmon o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olinishi va adolatsiz sudga tortilishi xavfi bor, inson huquqlariga rioya etilishi esa kafolatlanmaydi, deya ma’lum qildi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi.

Foto: AP

Fransiya hukumati Erondagi fuqarolarini «o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olinish xavfi borligini hisobga olib, imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga» chaqirdi. Bu haqda 7 oktyabr, juma kuni Fransiya TIV saytida e’lon qilingan sayyohlar va sayohatchilar uchun yangilangan tavsiyalarda aytiladi.

Hujjatda aniqlik kiritilishicha, «Fransiyadan Eronga kelgan har qanday tashrif buyuruvchi, shu jumladan, ikki fuqarolikka ega bo‘lganlarning hibsga olinishi, o‘zboshimchalik bilan ushlanishi va adolatsiz sudga tortilishi xavfi yuqori. Bu xavf oddiy turistik safarda bo‘lgan odamlarga ham tegishli». Eronda hibsga olingan yoki ushlangan taqdirda «asosiy huquqlar va shaxsiy xavfsizlik kafolatlanmaydi», deyiladi Tashqi ishlar vazirligi tavsiyalarida.

2021 yil may oyida Fransiya fuqarolari va o‘qituvchilar kasaba uyushmasi a’zolari Sesil Koler va Jak Paris Eronda hibsga olindi, Islom respublikasi hukumati ularni josuslikda aybladi. Fransiya TIV saytida tavsiyalar e’lon qilinishi arafasida Eron davlat televideniyesi Koler va Paris ishtirokidagi videoni namoyish etdi, unda ular sodir etilgan jinoyatlarga «iqror» bo‘lgan. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu videoni «qabul qilib bo‘lmas va jirkanch sahna asari» deb atadi va hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Bundan tashqari, Eronda yana ikki fransuz fuqarosi qamoqda - 2020 yil may oyida qo‘lga olingan va josuslikda ayblangan sayohatchi Benjamin Briyer hamda 2019 yil iyun oyida hibsga olingan va keyin besh yilga qamalgan antropolog tadqiqotchi Fariba Adelha. U Fransiya fuqaroligidan tashqari Eron fuqaroligiga ham ega.

Avvalroq, 30 sentabr kuni Eron razvedka vazirligi 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng namoyishlarda qatnashgan Yevropa davlatlarining to‘qqiz nafar fuqarosi norozilik namoyishlari chog‘ida qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Mahkama hibsga olinganlarning shaxsini aytmagan holda, ular orasida Germaniya, Polsha, Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlar fuqarolari borligini bildirdi.

Eronda politsiya zo‘ravonligi qurboni bo‘lgan Maxsa Aminiyning dafn marosimidan so‘ng ayollarga qarshi zulm va politsiya zo‘ravonligiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi – 13 sentabr kuni qiz Tehronda politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Politsiyadan u koma holatida kasalxonaga olib ketilgan, bir necha kundan keyin vafot etgandi.

Eron rasmiylari xalqaro maydonda o‘z manfaatlari yo‘lida muzokaralar olib borish uchun xorijlik garovga olinganlardan foydalanganlikda ham ayblanmoqda.

Mavzuga oid