Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy juma kuni Tehrondagi imom Humayniy nomidagi masjidda o‘n minglab kishilar qarshisida nutq so‘zlab, Eronning Isroil bo‘ylab so‘nggi raketa zarbasini «aniq, mantiqiy va qonuniy» deb atagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kerak bo‘lsa, mamlakat bunday harakatlarni takrorlashga tayyor, deb yozdi AP.

85 yoshli Xomanaiy Eronning Isroilga raketa hujumini Qurolli kuchlarning «ajoyib ishi» deb atadi.

Xominaiy kamdan kam hollarda bunday chiqish qiladi — va amalda jamoatchilik oldida ko‘rinish bermaydi. U so‘nggi bor 2020 yilda, Bag‘dod aeroporti yaqinida eronlik general Qosim Sulaymoniy amerikaliklar aviazarbasi oqibatida halok bo‘lganida juma namozida imomlik qilib, nutq so‘zlagandi. Eron o‘shanda bunga Amerikaning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa zarbalari bilan javob qaytargandi.

Xominaiyning oldingi shu kabi chiqishi esa 2012 yilda kuzatilgandi.

Eron oliy rahnamosi bu safargi nutqida Isroil bo‘ylab raketa hujumini ushbu mamlakatning «dahshatli jinoyatlari» uchun «minimal jazo» deb atagan. U shuningdek Isroilni «vampir» rejim atagan, AQShga esa «aqldan ozgan it» yorlig‘ini yopishtirgan.

U Isroil hududlari bo‘ylab zarbalar «xalqaro huquq, mamlakat qonunlari va islomiy e’tiqodlarga asoslangani»ni aytdi va «Afg‘onistondan Yamangacha, Erondan G‘azogacha» bo‘lgan davlatlarni dushmanga qarshi chora ko‘rishga tayyor bo‘lishga chaqirdi.

1 oktyabr kuni Eron harbiylari Isroil bo‘ylab yopirilma hujum amalga oshirib, 200 ga yaqin ballistik raketa uchirgani. Isroil armiyasiga ko‘ra, amalda ularning barchasi urib tushirilgan, bir necha isroillik yengil tan jarohati olgan. Raketa parchalari qulashi oqibatida Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi okkupatsiya qilingan hududda bir falastinlik halok bo‘lgan.

Eron armiyasi Isroil bo‘ylab zarbani Livandagi eronliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shialarning «Hizbulloh» guruhi yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘limiga javoban amalga oshirdi. U bir necha kun oldin isroilliklar «Hizbulloh»ning Bayrut janubidagi markaziy shtabiga yo‘llagan aviazarba qurboni bo‘lgandi.