17:43 / 10.10.2022
6738

107 nafar hokim o‘rinbosari «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi ijrosidagi kamchiliklar uchun jazolandi – Bosh prokuratura

Ma’lum bo‘lishicha, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi ijrosida kamchilikka yo‘l qo‘ygani uchun viloyat va tuman-shaharlar hokimlarining 107 nafar o‘rinbosari va boshqa mas’ullar turli darajadagi intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i Abdurahim Muhiddinovga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi ijrosi bo‘yicha kamchilikka yo‘l qo‘ygan va o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan 427 nafar mas’ul shaxs intizomiy, 724 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 3040 nafar mutasaddi rasman ogohlantirilgan.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyati hokimlarining hamda 107 nafar tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari, shuningdek Madaniy meros agentligi direktori, Madaniyat, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda “O‘zsuvta’minot” AJ rahbarlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlariga jazo choralari qo‘llangan.

“Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 185 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi, 880 nafar fuqaro va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi. Qurilish sifati va ish hajmlarining to‘liq bajarilishi o‘rganilib, 1553 ta holatda sifatsiz bajarilgan 32,3 mlrd so‘mlik hamda 793 ta holatda hisobotlarga qo‘shib yozilgan 37,9 mlrd so‘mlik ishlar bartaraf ettirilishi orqali kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olindi.

Shu bilan birga, obekt pudratchisini tanlashdagi korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida pudratchilarning reytingini haqqoniy tarzda, inson omilisiz aniqlash va tender o‘tkazishda adolatli raqobat muhitini ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, hukumat tomonidan ushbu takliflarni amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rildi”, deydi Abdurahim Muhiddinov.

Bosh prokuratura mulozimining ta’kidlashicha, Respublika shtabi tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga kiritilgan obektlardagi qurilish - ta’mirlash ishlarining sifati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “QURILISHDA NAZORAT” deb nomlangan maxsus telegram-bot ishga tushirilgan hamda ishonch telefoni tashkil etilgan.

“Mazkur bot orqali fuqarolarimiz tomonidan o‘z yashash hududidagi davlat dasturiga kiritilgan obektlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan qurilish ishlari haqida prokuratura organlaridan tashkil etilgan shtablarga fotolavhalar bilan birgalikda to‘g‘ridan to‘g‘ri xabar yuborishlari hamda ishonch telefoni orqali murojaatlarini qoldirishlari mumkin. Bildiriladigan har bir xabar Respublika shtabi tomonidan nazoratga olinib, qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi”, deydi mutasaddi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuror o‘rinbosari rahbarligidagi Respublika shtabi hamda viloyat va tuman-shahar prokurorlari rahbarligidagi hududiy shtablar tomonidan Investitsiya dasturidagi 2.762 ta, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi 827 ta va “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlaridagi 10.915 ta loyihaning har biri monitoringga olingan.

Top