22:28 / 12.10.2022
10187

Apple kompaniyasi iPhone ishlab chiqarishni Xitoydan ko‘chirishni rejalashtirmoqda

Kompaniya iPhone smartfonlari va Mac kompyuterlarini ishlab chiqarish va yig‘ishni Xitoydan qisman Hindiston va Tailandga ko‘chirishni boshlagan.

Foto: Reuters

TF International Securities tahlilchisi Ming-Chi Kuo Apple kompaniyasining o‘z gadjetlari ishlab chiqarishni Xitoydan dunyoning boshqa mamlakatlariga qisman o‘tkazish haqidagi qarori tafsilotlarini aytib berdi.

U rasmiy yo‘l xaritasini e’lon qildi. Hujjatga ko‘ra, Apple hozirda iPhone smartfonlari va Mac kompyuterlarini ishlab chiqarish va yig‘ishni Xitoydan qisman Hindiston va Tailandga ko‘chirishni boshlagan.

Ko‘chirish qisman bo‘lsa-da, jarayon taxminan 3-5 yil davom etadi. Bundan tashqari yangi xodimlarni ishga olishga to‘g‘ri keladi.

Apple kompaniyasi ko‘chirish natijasida ta’minot zanjirlarini optimallashtirish va Xitoyga qaramlikni kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Apple kompaniyasining bu qarori Vashington va Pekin o‘rtasidagi keskinlikning kuchayishi, shuningdek, Xitoy ichidagi pandemiya bilan bog‘liq karantin cheklovlari keltirib chiqargan muammolar bilan izohlanadi.

Kuo so‘zlariga ko‘ra, Hindiston hududida iPhone ishlab chiqarish va yig‘ishni Tata Group kompaniyasi tashkil qiladi. Hindiston konglomerati Pegatron yoki Wistron bilan hamkorlikda ishlaydi.

MacBook ishlab chiqarishni Tailanddagi zavodga ko‘chirish  rejalashtirilgan. Kompaniyaning boshqa gadjetlarini ko‘chirish rejalari hali yo‘l xaritasida ko‘rsatilmagan.

«Uch-besh yil ichida Apple AQSh bozoriga Xitoydan tashqarida ishlab chiqarilgan smartfon va kompyuterlarni yetkazib berish niyatida. Kelajakda Xitoyda ishlab chiqarilgan qurilmalar faqat Xitoy ichida sotiladi», — deb xulosa qiladi ekspert.

Avvalroq Apple kompaniyasi hamkorlardan AirPods va Beats quloqchinlari ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirishni so‘ragan edi.

Top