Jahon | 21:17 / 12.10.2022
30181
5 daqiqa o‘qiladi

Osiyoning 27 mamlakatini birlashtirgan hamkorlik va ishonch kengashi qanday tashkilot?

12 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga bordi. Xo‘sh, ushbu xalqaro tashkilot qachon va nima maqsadlarda tuzilgan? Unga qaysi davlatlar a’zo va qanday masalalar ko‘riladi? Maqolamizda shu haqda ma’lumot beramiz.

Foto: AP

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash tuzish haqidagi taklif Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan 1992 yilda BMT Bosh Assambleyasining 47-sessiyasida ilgari surilgan edi. Tashkilot 1999 yildan rasman o‘z faoliyatini boshlagan.

Tashkilotga Osiyoning 27 ta davlati doimiy a’zo: Ozarboyjon, Afg‘oniston, Bahrayn, Bangladesh, Vetnam, Misr, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Kambodja, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Falastin, Rossiya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Shri-Lanka, O‘zbekiston.

Shuningdek, 9 ta davlat (Belarus, Indoneziya, Malayziya, AQSh, Ukraina, Filippin, Yaponiya, Laos va Turkmaniston) va 5 ta xalqaro tashkilot (BMT, YeXHT, Arab davlatlari ligasi, Turkiy tilli mamlakatlar parlament assambleyasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti) kuzatuvchi maqomiga ega.

2007 yil oktabr oyida OHIChBK – BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomini oldi. Tashkilotga raislik muddati uzaytirish imkoniyati bilan ikki yilga teng.

Tashkilotning asosiy maqsadlari quyidagilar:

  • Osiyo barqarorlik, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda ko‘p tomonlama fikrlarni inobatga olgan holda hamkorlikni kengaytirish;
  • noqonuniy narkotiklar ishlab chiqish va savdosiga qarshi kurash;
  • Osiyo farovonligi va barqarorligi yo‘lida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish;
  • terrorizmning barcha ko‘rinishlari va ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishiga qarshi kurash;
  • atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq barcha masalalarda hamkorlik qilish;
  • a’zo davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish va boshqalar.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari:

  • harbiy-siyosiy jihat;
  • yangi chaqiriq va tahdidlar;
  • iqtisodiy, ekologik va insoniy o‘lchov.

Tashkilotning asosiy tamoyillari:

  • suveren tenglik va suveren huquqlarni hurmat qilish;
  • nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish;
  • iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlik;
  • davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
  • kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik;
  • davlatlarning hududiy yaxlitligi;
  • qurolsizlanish va qurollanishni nazorat qilish;
  • inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash a’zo davlat va hukumat rahbarlari deklaratsiyalari, Davlat rahbarlari kengashi qarorlari, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va yuqori mansabdor shaxslar komissiyasi qarorlari doirasida faoliyat olib boradi. Tashkilot kotibiyati Ostona shahrida joylashgan, faoliyati a’zo davlatlarning ixtiyoriy badallari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tashkilotning huquqiy asosi quyidagi hujjatlardan iborat:

  1. A’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi tamoyillar deklaratsiyasi (1999 yil 14 sentabr).
  2. Terrorizmni bartaraf qilish va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish to‘g‘risidagi deklaratsiya (2002 yil 4 iyun).
  3. Olmaota akti (2002 yil 4 iyun).
  4. OHIChBKning protsessual qoidalari (2004 yil 22 oktabr).
  5. OHIChBKning kotibiyati to‘g‘risidagi bitim (2006 yil 17 iyun).
  6. OHIChBKning moliyaviy reglamenti (2006 yil 14 dekabr).
  7. OHIChBKning tashqi aloqalari to‘g‘risidagi Nizom (2007 yil 14 mart) va boshqalar.

Tashkilot davlat rahbarlari sammiti har to‘rt yilda bir marta chaqiriladi. Bugunga qadar oliy darajadagi sammitlar 2002 va 2006 yillarda Olmatada, 2010 yil Istanbulda, 2014 yil Shanxayda, 2019 yil Dushanbeda bo‘lib o‘tgan. 6-sammit 2022 yil 13 oktabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonning ishtiroki

O‘zbekistonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning asosiy hujjati – Olmata aktini imzolagan.

Davlat rahbarlari darajasidagi sammitda O‘zbekiston 2006, 2014 va 2019 yillarda qatnashgan. 2019 yil tashkilotning Dushanbe sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev quyidagi tashabbuslarni ilgari surgan edi:

  • yoshlar radikallashuviga qarshi kurashish;
  • dinlararo totuvlikni saqlash, ta’lim va madaniy o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha muloqot o‘rnatish.

2020 yildan O‘zbekistonga OHIChBKning o‘zaro ishonch va ilmiy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha koordinatori vazifasi yuklangan. 2021 yildan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti OHIChBK Tahliliy markazlari forumining doimiy a’zosi hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 13-14 oktabr kunlari Ostonada bo‘lib o‘tadigan sammit kun tartibiga o‘zaro savdoni ko‘paytirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, samarali transport kommunikatsiyalarini shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari kiritilgan.

Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ham qatnashib, nutq so‘zlaydi, shuningdek hamkor mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

Mavzuga oid