18:33 / 26.10.2022
21485

Toshkentda o‘ziga yo‘l bermagan haydovchini urib hushidan ketkazgan piyoda 5 yilga qamaldi

Hodisa 2021 yil 7 iyun kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘y bergan. Onasi bilan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan erkak qizil chiroqda harakatlanib kelib, ularni o‘tkazib yubormagan haydovchini kaltaklab hushidan ketkazgan.

Foto: iStock

Toshkent shahar sudlari axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, kaltaklanish oqibatida haydovchida bosh miya ochiq jarohati, og‘ir darajali bosh miya lat yeyishi, chap chakka bo‘lagining kontuzion o‘choqlari bilan, chap chakka bo‘lagi o‘tkir subdural gematomasi, kalla suyagi asosiga o‘tgan chap chakka suyagi sinishi, pnevmotsefaliya, chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi kabi tan jarohatlari aniqlangan. Ekspertlar tomonidan ushbu jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlar sifatida baholangan.

Sud majlisida piyoda aybiga qisman iqror bo‘lgan. Yigit onasi bilan dehqon bozori qarshisida piyodalar uchun yashil chiroq yonganida yo‘ldan kesib o‘tmoqchi bo‘lgani, shunda svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib kelgan mashina ularni turtib yuborishiga bir bahya qolganini aytgan.

“Piyodalar o‘tish joyidan yashil chiroqda o‘tayotganimizda svetoforning qizil chirog‘i yonganiga qaramasdan bir mashina harakatlanib kelib, bizni turtib o‘tishiga ozgina qoldi. Shunda mashinaning haydovchi tarafidagi yon oynasini qo‘lim bilan urdim. Haydovchi va yana bir kishi mashinadan tushib: “Nima qilyapsan?” deb baqirdi. Ularga: “Yashil yonib turibdi, biz o‘tishimiz kerak”, deb aytdim.

Haydovchi bilan gap talashib turgan vaqtimizda orqadan kimdir meni itarib yubordi. Zarbadan yerga yiqildim. Keyinchalik meni itarib yuborgan shaxs haydovchining ukasi ekanligini bildim. Onam u bilan tortishib ketdi. Shu payt haydovchi yuzimga urdi. Men ham o‘zimni himoya qilishi uchun uning yuziga bir necha marotaba urdim. Oqibatda u yerga yiqilib qoldi.

Onam ikkimiz jabrlanuvchini yo‘lovchi mashinada kasalxonaga olib bordik. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilgach, tez yordam avtomashinasida boshqa kasalxonaga olib ketdik.

Haydovchiga og‘ir tan jarohati yetkazish maqsadim bo‘lmagan. Urayotgan vaqtim qo‘limda hech qanday qattiq jism yo‘q edi. Faqatgina qo‘lim bilan yuz qismiga uch marotaba urdim, shunda tan jarohati olgan. Jabrlanuvchi ham yuzimga bir musht tushirgandi”, deya ta’kidlagan ayblanuvchi.

Jabrlanuvchining ukasi sudda bergan ko‘rsatmasida piyoda yigit akasini urib yiqitgach, u hushidan ketgani va uch marta operatsiya bo‘lganini aytgan.

“Akam bilan ikkita avtomashinada Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga dam olish uchun ketayotgandik. Akam “Cobalt” rusumli avtomashinada oldindan harakatlanib borayotgandi. Men esa o‘zimga tegishli bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinada ketma-ket ketayotgandim.

Bozorning qarshisidagi yo‘lda akam mashinasida chorrahadan o‘tayotganda piyoda ayol bilan yigit qo‘li bilan avtomobilning yon oynasini urib sindirdi. Shu sababli akam yo‘l chetida to‘xtadi. Men esa chorrahaning qizil chirog‘iga to‘xtab ortda qoldim. Akam avtomashinadan tushib, yigitdan nima sababdan bunday qilganini so‘radi. Keyin janjallashib ketishdi.

Men ham ularning oldiga bordim. Yigitni akamdan nariga itardim, u orqaga bir-ikki qadam tashladi. Shu vaqt yigitning onasi menga tashlandi. Yigit akamni urib yiqitdi. Akam hushini yo‘qotib, talvasa qilayotganini ko‘rib unga tez yordam ko‘rsatishga harakat qildim.

Akamni o‘sha yerda turgan avtomashinaga o‘tkazib, kasalxonaga olib ketdik. U yerdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuborishdi. Hozirgacha akam uch marotaba operatsiya bo‘ldi. Bu vaqt ichida sudlanuvchi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmadi”, deya ko‘rsatma bergan jabrlanuvchining qonuniy vakili.

Haydovchini kaltaklagan yigit sud tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan hamda unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sudlanuvchi sud zalida qamoqqa olingan.

Mavzuga oid
Top