20:46 / 14.11.2022
24824

Rossiya hukumati O‘zbekiston mehnat migrantlari uchun kvotalarga cheklovni bekor qilmoqda

Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya mehnat bozoriga jalb qilishni nazarda tutuvchi pilot loyihasi tartibi tubdan o‘zgartiriladi. Bu Rossiyadagi qisman safarbarlik tufayli kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq.

Foto: Aleksandr Miridonov, Kommersant’

«Kommersant’» nashrining yozishicha, «pilot» uchun miqdoriy cheklovlar olib tashlanmoqda — shu vaqtgacha qurilish va agrosanoat kompleksi uchun o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni 11,1 ming nafardan oshmasligi belgilab qo‘yilgan edi. Loyihaning yangi qatnashchisi Rossiya sanoat va savdo vazirligi bo‘lmoqda. Vazirlik endi bunday yollash huquqiga ega bo‘lgan yengil sanoat sohasi ish beruvchilariga oid o‘z reyestrini yuritadi.

Shuningdek, Rossiyaga kirib kelayotgan migrantlarga tibbiy talab ham kamaytiriladi — koronavirusga majburiy test yoki emlanganlik to‘g‘risidagi hujjat o‘rniga ular O‘zbekistondagi rossiyalik vrachlar ko‘rigidan o‘tsa bas, vrachlar ko‘rigini ish beruvchilar tashkil qilib berishadi.

Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin 2022 yil 10 noyabrda hukumatning №2035 sonli qarorini imzolagan. Unga ko‘ra, 2021 yil oxirida Rossiyaning qurilish va agrosanoat kompleksi sektorlari uchun O‘zbekistondan mehnat migrantlarini maqsadli yollash bilan bog‘liq pilot loyihasining parametrlari o‘zgartirilmoqda.

Avvaliga juda kam kvota ajratgan loyiha endi kengaytirilmoqda. «Pilot» qatnashchilari safiga RF sanoat va savdo vazirligi ham qo‘shilmoqda, bu Rossiya sanoat korxonalariga O‘zbekiston fuqarolarini yollash imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, avvalboshdan o‘zbekistonlik migrantlar soniga joriy etilgan cheklovni ham olib tashlaydi: avvalgi hukumat qarorlariga ko‘ra qurilish sohasi uchun 10 ming nafar, agrosanoat kompleksi uchun 1,1 ming nafar odam olib kirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgandi. Rossiya hukumati endi o‘zbekistonlik migrantlar uchun yangi miqdoriy cheklov belgilamayapti.

Pilot loyihasiga RF sanoat va savdo vazirligi qo‘shilishi yengil sanoat sohasiga Rossiya Federatsiyasi yuridik shaxslari tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan ishchilarni yollash imkoniyatini yuzaga keltiradi.

Qayd etish kerak, «pilot» uchun maxsus kvotani bekor qilish RF hukumatida bahordan buyon muhokama qilib kelinadi. O‘shanda birinchi bo‘lib RF qishloq xo‘jaligi vazirligi agrosanoat kompleksining o‘zida 38 ming nafar qo‘shimcha mavsumiy ishchilarga ehtiyoj borligini deklaratsiya qilgan edi. O‘shanda RF mehnat vazirligi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida sohaga oid ​​spetsifikadan voz kechish, loyihani RFning butun iqtisodiyotiga joriy etish taklif etilgan edi. Biroq, hujjat bunday tahrirda qabul qilinmasdan qolgan edi.

Top