12:26 / 18.11.2022
7673

Seul va Tokio: Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani uchirdi

Yaponiya Mudofaa vazirligi rahbari KXDR raketasining masofasi AQShga yetib borish imkonini berishini aytdi. Raketa Xokkaydo g‘arbiga qulagan. Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi.

Foto: Picture Alliance

Shimoliy Koreya yana Yapon dengizi tomon raketa uchirdi, deb xabar qildi Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi 18 noyabr, juma kuni. Uning ma’lumotiga ko‘ra, raketaning uchish masofasi bir necha ming kilometrni tashkil qiladi. Janubiy Koreya va Yaponiya rasmiylari KXDR qit’alararo ballistik raketani uchirgani haqida ma’lum qildi.

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Shimoliy Koreyaning xatti-harakatlarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi» dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketa Xokkaydo orolining g‘arbidagi Yaponiyaning iqtisodiy zonasiga tushgan. Tokio ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot yoki kemalarga zarar yetganligi haqida xabarlar yo‘q.

Yaponiya mudofaa vaziri Yasukazu Hamadaning aytishicha, raketa AQShga yeta oladigan masofaga ega bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u 15 ming kilometrgacha ucha oladi. Janubiy Koreya 18 noyabr kuni KXDR harakatlari munosabati bilan Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazadi.

Kecha Shimoliy Koreya Yapon dengiziga qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Taxminlarga ko‘ra, u Koreya yarimoroli sharqidagi suvlarga qulagan.

BMT rezolyutsiyalari Shimoliy Koreyaga har qanday masofadagi yadroviy ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazishni taqiqlaydi. Biroq, yil boshidan beri Pxenyan allaqachon 50 dan ortiq bunday sinovlarni o‘tkazgan.

So‘nggi kunlardagi sinovlardan biroz oldin Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Chxve Son Xe Shimoliy Koreya AQShning KXDRni tiyib turish hamda Vashington va uning ittifoqchilarining mintaqadagi harbiy faolligini kuchaytirish siyosatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mutanosib ravishda javob berishi haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid
Top