O‘zbekiston | 14:11 / 20.11.2022
14006
5 daqiqa o‘qiladi

Haqini ololmayotgan gidlar: Samarqanddagi ShHT sammiti tarjimonlarining puli to‘lab berilmayapti

Sentyabrda o‘tgan ShHT sammitida tarjimonlik qilgan gidlar puli 2 oydan beri to‘lab berilmayapti.  Sammitdagi ikki kunlik ish uchun o‘nlab gidlarga 100 dollardan va’da qilingani aytilmoqda.

Foto: KUN.UZ

15-16 sentabr kunlari Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda 14 mamlakat rahbarlari va bir necha xalqaro tashkilotlar ishtirok etgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, shu sammitda tarjimonlik qilish uchun 60 nafarga yaqin gidlar yollangan. Ular ichida Samarqand davlat chet tillari instituti talabalari, tur firma vakillari va mustaqil gidlar bo‘lgan. Ismini sir saqlashni so‘ragan mustaqil gidlardan biri Kun.uz bilan suhbatda sammit uchun gidlar pul evaziga yollanganini aytdi.

«Sammitda Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov barcha gidlarga pullari to‘lab berilishini aytgandi. Agar o‘shanda ko‘ngilli sifatida yordam qilinglar, deyishganda biz yo‘q demasdik», – deydi u.

Tarjimon sammitda qatnashgan gidlar uchun hukumat pul ajratgan-u, bu gidlarga berilmay kelayotganidan xavotirda ekanini yashirmadi.

«Agar gidlik qilganlar uchun pul ajratilmagan bo‘lsa, bizning e’tirozimiz yo‘q. Lekin pul ajratilgan bo‘lsa-yu, u kimningdir cho‘ntagida qolib ketayotgan bo‘lsa, bu nohaqlik», – deydi u.

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan Samarqand gidlari guruhida ham sammitda qatnashgan gidlar tarjimonlik qilgani uchun ularga xizmat haqi to‘lanmaganini yozishgan.

«Boshida to‘g‘risini aytganda, sharoiti borlar chiqardi. Boshqa ishlarini qo‘yib chiqqanlar bor. Ayniqsa ayollar eriga pul berar ekan, deb chiqqan», – deb yozadi guruh a’zolaridan biri.

Shuningdek, Telegram’dagi Media24.uz kanalida Samarqand davlat chet tillari universiteti talabasining yuqoridagi masala bo‘yicha murojaati ham e’lon qilingan.

«Assalomu alaykum, men Samarqand davlat chet tillari instituti 3-kurs talabasiman. Men va mening kursdoshlarim sentabr oyida o‘tkazilgan Shanhay Hamkorlik Tashkilotida gid sifatida qatnashdik va Madaniy meros agentligi bizga kuniga 50 dollardan berishini aytishdi. Hamma tadbirlar o‘tgandan so‘ng biz pulni so‘rab guruhda yozganimizda guruhda yozish funksiyasini o‘chirib qo‘yishdi.

Bu adolatdanmi? Albatta yo‘q, chunki o‘sha kunlari naqd pulli ishni tashlab, shu yerda tekinga ishlaganmiz. Agentlik shunday aldab turgandan keyin boshqalardan nima kutsa bo‘ladi? O‘qishdan ham, kelajak haqidagi quruq safsatalardan ham qutulish uchun o‘qishni tashlab ketdim. Kelajagimiz yoshlar qo‘lida deyiladi-yu, ammo ularni hamma aldasa, bunga qanday qarash kerak?» – deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gidlar e’tirozidan keyin Samarqand gidlari guruhida ShHTda qatnashgan va faqat gidlik sertifikati borlarning xizmat haqi to‘lab berilishi ma’lum qilingan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan talabalarning aytishicha, sammitda Samarqand davlat chet tillar institutidan ham talabalar tarjimonlik qilishgan. Lekin ro‘yxatga talabalar kiritilmayapti.

«Bizga gidlik sertifikatimiz yo‘qligi sabab xizmat haqi to‘lab bermasliklarini aytishdi. Talabani odam o‘rnida ko‘rishmayapti», – dedi murojaatchi.

Holatga aniqlik kiritish uchun Turizm va madaniy meros vazirligi tarkibidagi Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati vakili Rustam Qobilov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, ShHTda kim gidlik qilgan bo‘lsa, kimning mehnati singgan bo‘lsa, barchasining ro‘yxati qilinyapti.

«Ularning ro‘yxati Turizm va madaniy meros vazirligiga yuborilgan. Vazirlik hammasini ko‘rib chiqyapti. Sammitda gidlik qilgan barchaning puli noyabr oyi oxirigacha to‘lab beriladi», – dedi u.

Agentlik vakili gidlarga pul to‘lash masalasi nega shu paytgacha kechiktirib yuborilgani sababini bilmasligini aytdi.

Tadbir Samarqandda o‘tgani sabab bu masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmatidan ham izoh so‘raldi. Hokimiyat vakili gidlarga pul to‘lash masalasi hokimlikka yuklatilmaganini ma’lum qildi.

«Har qanday tadbir tashkil qilinganda, tashkiliy masalalar bo‘yicha ham protokol tashkil qilinadi. Protokolda, jumladan gidlarni yollash masalasi ham kiritilgan bo‘lishi kerak. Tarjimonlar va ularning pulini to‘lab berish masalasi ham protokolda aks etgan bo‘lishi kerak», – dedi u.

Bundan shunday xulosa qilish mumkin: yo gidlarga pul to‘lash masalasi protokolga kiritilgan, lekin ijrochi tashkilotlar pulni egalariga o‘z vaqtida yetkazmayapti, yoki vazirlik masalaning aynan gidlarni yollash qismiga yuzaki qaragan.

Mavzuga oid