Jahon | 10:25 / 21.11.2022
6275
5 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya Eron ko‘magida dronlar ishlab chiqarishni boshlashi mumkin

The Washington Post nashrining yozishicha, Moskva Tehron bilan Rossiyada yuzlab UUA ishlab chiqarishni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Foto: IMAGO

Bir necha hafta davomida Ukraina shaharlarini Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchoqlar bilan o‘qqa tutgandan so‘ng, Moskva Rossiyada yuzlab uchuvchisiz uchoqlarni ishlab chiqarishni boshlash bo‘yicha Tehron bilan norasmiy kelishuvga erishdi. Bu haqda 19 noyabr, shanba kuni AQSh va boshqa G‘arb xavfsizlik xizmatlari tomonidan olingan yangi razvedka ma’lumotlariga tayanib, The Washington Post (WP) xabar berdi.

Rossiya va Eron rasmiylari noyabr oyi boshida Eronda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelishuvni yakunlashdi va Moskva bir necha oy ichida ishlab chiqarishni boshlash imkonini beradigan ishlanmalar va asosiy komponentlarni ta’minlash uchun jadallik bilan harakat qilmoqda, dedi nashrga uch nafar manba.

Kelishuv to‘liq amalga oshirilsa, Moskvaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlayotgan Eron-Rossiya ittifoqini yanada chuqurlashtiradi, deydi rasmiylar. Rossiya o‘zi dronlar yig‘ishni boshlash orqali so‘nggi haftalarda Ukrainadagi urush xarakterini o‘zgartirgan nisbatan arzon, ammo juda vayron qiluvchi qurol tizimlari zaxirasini keskin oshirishi mumkin.

Avgust oyidan beri Rossiya Ukrainaga qarshi Eronda ishlab chiqarilgan 400 dan ortiq hujumchi dronlarni ishlatdi. Ularning aksariyatidan, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, elektr stansiyalari kabi fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishda foydalanilgan.

Tehron bilan kelishuv Moskvaning to‘qqiz oylik jangovar harakatlardan so‘ng yetishmay qolgan aniq boshqariladigan o‘q-dorilarga bo‘lgan favqulodda ehtiyojini qondirishga yordam beradi, deya qayd etadi WP. Kelishuv Eron uchun ham muhim iqtisodiy va siyosiy foyda va’da qiladi. Rasmiylarga ko‘ra, Islom respublikasi rahbarlari uchuvchisiz uchoqlar Rossiyada yig‘ilsa, yangi sanksiyalardan qochib qutulishning imkoni paydo bo‘ladi, deb o‘ylayapti.

Voqealarni kuzatayotgan ikki davlat xavfsizlik xizmati rasmiylariga ko‘ra, Eron-Rossiya kelishuvining tafsilotlari noyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yakuniy tarzda kelishib olingan bo‘lib, unga logistikani ishlab chiqish uchun Tehronga kelgan Rossiya mudofaa sanoati muzokarachilari guruhi kiritilgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev boshchiligidagi delegatsiya 9 noyabr kuni Tehronga tashrif buyurib, boshqa masalalar qatori iqtisodiy sanksiyalar va Moskva «G‘arb aralashuvi» deb qabul qilayotgan narsalarni muhokama qilgan.

AQSh Moliya vazirligi 15 noyabr kuni Rossiya harbiylari uchun uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha Eron tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

AQSh Moliya vazirligi Erondan kelgan uchuvchisiz uchoqlardan Rossiya kuchlari tomonidan Ukrainadagi tinch aholini nishonga olish uchun foydalanilganini bildirdi. Sanksiyalar ro‘yxatiga Shahed Aviation Industries tadqiqot va ishlanmalar markazi, Shahed seriyasidagi UUA ishlab chiqaruvchisi, shuningdek idora Rossiyaga qurol olib o‘tish uchun mas’ul deb hisoblagan Success Aviation Services FZC va i Jet Global DMCC kompaniyalari kiritilgan.

Bundan tashqari, sanksiyalar Abbos Juma va Tigran Srabionovga nisbatan qo‘llanildi, ular orqali, Vashington ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan Rossiyaning "Vagner" XHK Eron dronlarini olgan.

Eron dronlarining Rossiyaga yetkazilishi avgust oyida ma’lum bo‘ldi. Rossiya qurolli kuchlari ulardan Ukrainaning artilleriya pozitsiyalari va raketa tizimlariga zarba berishda faol foydalandi. Oktabr oyida dronlardan infratuzilma obektlari - elektr stansiyalari va elektr tarmoqlariga ommaviy hujumlarda foydalanila boshlandi. Bunday hujumlarning qurbonlari aksariyat hollarda tinch aholi bo‘lgan. Noyabr oyida Eron Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilganini tan oldi, biroq u ularni harbiy harakatlar boshlanishidan oldin amalga oshirganini ta’kidladi. Rossiya qo‘shinlariga harbiy yordam ko‘rsatilgani uchun G‘arbning Eronga qarshi sanksiyalar paketi kengaytirildi.

Mavzuga oid