Jahon | 12:05 / 22.11.2022
5909
3 daqiqa o‘qiladi

ISW: Moskva urush haqidagi ma’lumotlar ustidan nazoratni kuchaytirishga harakat qilmoqda

Rossiya hukumati axborot maydoni ustidan nazoratni kuchaytirishga intilmoqda. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari ma’lum qildi. 

Foto: Unsplash

Ularning fikriga ko‘ra, bu mamlakatning o‘zida ham, xorijda ham ommaviy axborot vositalarida rossiyalik harbiylar harakati tobora ko‘proq tanqid ostiga olina boshlangani bilan bog‘liq. 

ISW tahlilchilari o‘z hisobotlarida, shuningdek, Zaporijjya atom elektr stansiyasidagi yadroviy falokat tahdidining doimiy muhokamasi G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga putur yetkazishga qaratilgan axborot kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. 

Moskva Zaporijjya atom elektr stansiyasini o‘qqa tutishdan stansiya ustidan to‘liq ma’muriy nazoratga erishish va yadroviy falokatning oldini olish kafolatiga ega bo‘lish uchun foydalanmoqda, deb hisoblaydi institut. 

ISW press-relizida, shuningdek, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayangan holda, Rossiya maxsus xizmatlari Belarus harbiylarini Ukrainaga qarshi urushga kirishishga undash uchun Belarusning muhim infratuzilmasiga yolg‘ondan hujumlar uyushtirishni rejalashtirayotgani keltirilgan.

Bundan oldin ISW Rossiyada Putindan norozilik kuchayib borayotgani haqida xabar bergandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina hukumatini ag‘darish va butun Ukrainani egallab olishdek maksimalistik maqsadlarini amalga oshirishga qo‘shinlar qodir emasligi sababli o‘ta mafkuraviy, urush tarafdori bo‘lgan elektoratning bir qismini tinchlantirishi tobora qiyinlashmoqda. Bu haqda ISW Twitter'da ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Xersondan chiqib ketishi urush tarafdorlari va Putin o‘rtasida mafkuraviy kelishmovchilikni kuchaytirmoqda, prezidentning Ukrainaga qarshi urushda o‘z va’dalarini bajarish istagi va qobiliyatiga ishonchni susaytirmoqda.

ISW ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik o‘ta millatchilar orasida Putinning rus mafkurasiga sodiqligiga shubha kuchaygani Putinning millatchilar uchun qiziqishini pasaytiradi, shu bilan birga safarbarlik va ko‘p qurbonlar Rossiya jamiyatida norozilikni keltirib chiqarishda davom etishi mumkin.

ISW hisobotida qayd etilishicha, Xerson yo‘qotilganidan so‘ng, "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqdagi kanallar ham Kremlga qarshi chiqdi, bu esa harbiy blogerlar orasida rus qo‘shinlarini olib chiqish qarori qo‘llab-quvvatlanmayotgani hamda Rossiya xavfsizlik kuchlari vakillari orasida keskinlikning yanada kuchayishi kuzatilishi mumkinligidan dalolat berishi aytiladi.

Mavzuga oid