Jahon | 08:59 / 05.12.2022
4657
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya yaqin haftalarda ukrainalik qochqinlarning yangi to‘lqinini kutmoqda

Qattiq sovuqlar boshlanishi bilan Ukraina energetika inshootlarining Rossiya tomonidan vayron qilingani sababli Yevropa yangi qochqinlar to‘lqinini kutmoqda.

Foto: The New York Times

Germaniya federal hukumati yaqin haftalarda Ukrainadan Germaniyaga kelayotgan qochqinlar sonining ko‘payishini kutmoqda, dedi Germaniyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Migel Berger 4 dekabr, yakshanba kuni Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

«Putin Ukraina aholisini terror qilishda davom etmoqda. Energetika infratuzilmasiga qilingan bu hujumlar sovuq havoni hisobga olgan holda ko‘p odamlar Ukrainani tark etishga majbur bo‘lishini anglatadi. Yaqin haftalarda qochqinlarning yangi to‘lqinini kutmoqdamiz», - dedi Berger. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati Kremlning mojaroni yaqin kelajakda diplomatik yo‘l bilan hal qilishga rozi bo‘lishga tayyorligini ko‘rmayapti.

Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Germaniyaga bir milliondan ortiq ukrainalik kelgan — bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bild am Sonntag ma’lumotlariga ko‘ra, faqat Polsha ko‘proq qochqinlarni qabul qilgan (1,5 million kishi).

Oktabr oyidan boshlab, bir qator chekinish va qo‘shinlarini egallab olingan mintaqalardan olib chiqib ketishdan so‘ng, Rossiya Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasini faol ravishda o‘qqa tuta boshladi. Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan to‘qqiz oy ichida Rossiya Ukrainaga 16 mingdan ortiq raketa zarbalari berdi, ularning 97 foizi fuqarolik nishonlariga to‘g‘ri keldi.

Kremlning tushuntirishicha, Ukraina hukumati Rossiya talablarini bajarsa, «tinch aholining barcha mumkin bo‘lgan azob-uqubatlarini to‘xtata oladi». Kiyev Rossiyaning harakatlarini terrorizm deb atayapti. Shu fonda, noyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi parlamenti Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olgan rezolyutsiyani qabul qildi.

NATO Parlament assambleyasi ham rezolyutsiya qabul qildi, unda alyansga a’zo davlatlar hukumatlari va parlamentlari «hozirgi rejim ostidagi Rossiya davlati terrorchi davlat ekanligini aniq ta’kidlab o‘tishga» chaqiradi. Xuddi shunday rezolyutsiya oktyabr oyida Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi ("PACe") tomonidan bir ovozdan ma’qullangan edi. Ayrim davlatlar darajasida Litva, Latviya, Chexiya, Estoniya va Niderlandiya parlamentlari Rossiyada hukmronlik qilayotgan rejimni terroristik rejim sifatida tan oldi.

Rossiya Ukraina energetika tizimiga oktabr oyidan beri berayotgan raketa zarbalarini Rossiya Federatsiyasi yangi harbiy doktrinasi asosiy qoidasi bo‘lgan muhim obektlarni yo‘q qilish bo‘yicha strategik operatsion konsepsiyani amalga oshirishning birinchi namunasi deb hisoblash mumkin, deb hisoblaydi Britaniya Mudofaa vazirligi.

Britaniya razvedkasining fikriga ko‘ra, bu konsepsiya aholini ruhiy tushkunlikka tushirish va davlat rahbarlarini taslim bo‘lishga majbur qilish uchun dushman davlatning qurolli kuchlariga emas, balki uning muhim milliy infratuzilmasiga zarba berish bo‘yicha uzoq masofali raketalardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.

Biroq, razvedka ushbu strategiyaning samaradorligini shubha ostiga qo‘yadi, chunki unga ko‘ra, Rossiya bunday maqsadlar uchun mos keladigan raketalarining ko‘p qismini ishlatib yuborgan. Bundan tashqari, zarbalarning moddiy va psixologik ta’siri urushning dastlabki davridagiga qaraganda kamroq bo‘lishi mumkin, chunki ukrainaliklar urushning to‘qqiz oyi davomida muvaffaqiyatli safarbar etilgan, deyiladi sharhda.

Mavzuga oid