O‘zbekiston | 14:04 / 08.12.2022
7833
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksportiga imtiyozli rejim joriy etishi mumkin

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev AQSh elchisi Jonatan Xenik bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Tomonlar sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini birgalikda hal etish platformalari samaradorligi, 2021 yil dekabr oyida birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan Strategik sheriklik muloqoti salohiyati yuzasidan fikr almashildi.

Mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash samarali va muhim vositasiga aylangan «C5+1» tashabbusi doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga ikkala mamlakat sodiqligi ta’kidlandi.

Uchrashuv ishtirokchilari davlat iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish va intellektual mulk huquqlarini ta’minlash masalalarini nazarda tutgan holda O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi jarayoni bugungi holatini ko‘rib chiqdi. AQSh tomoni O‘zbekistonga tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida yordam berishda davom etishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston va Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) o‘rtasida energetika, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik doirasida avval erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishi, DFC moliyalashtirgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Muzokaralarda muhokama qilingan boshqa mavzular qatorida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik istiqbollari o‘rin oldi. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini AQSh bozoriga eksport qilish uchun imtiyozli savdo rejimini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Mavzuga oid