12:55 / 10.12.2022
8029

Murojaatlar ortidagi taqdirlar – imkoniyati cheklangan, yaxshi yashash uchun kuch va iroda topayotgan Izzatullo Kulliyev misolida

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahridagi San’at saroyi binosida aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazdi va 307 nafar fuqaroning turli masalalardagi 376 ta murojaatini eshitdi. Mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 64 tasi joyida ijobiy hal etildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Termiz shahri A.Jomiy mahallasida yashovchi, ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan Izzatillo Kulliyev viloyat hokimiga kredit asosida motoroller olganini bildirib, ushbu kredit mablag‘ini to‘lashda amaliy yordam so‘radi. Viloyat rahbari Kulliyevning oilaviy sharoitini, nogiron bo‘lsa-da oilasiga daromad keltirish maqsadida harakat qilayotganini inobatga olib, uning kredit mablag‘larini to‘lab berdi. Qo‘shimcha xarajatlari uchun ham moddiy yordam ajratdi.

Izzatillo Kulliyev olti nafar farzandning kenjasi. Onasi Robiya Kulliyeva 2001 yilda turmush o‘rtog‘i vafot etgach, farzandlarini yolg‘iz o‘zi voyaga yetkazgan.

Endilikda Izzatillo o‘zining motorollerida insonlar hojatini chiqarib, oilasiga daromad keltirmoqda. Uning bu ishlari to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, boshqalardan yordam kutib o‘tirgan, ayrim boqimanda insonlarga o‘rnak bo‘lmoqda.

2022 yilda viloyat hokimi To‘ra Bobolov tomonidan joylarda 45 marotaba ommaviy qabullar o‘tkazilib, 7612 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning qariyb sakkiz mingga yaqin muammolari o‘rganilgan.

Qabullarda odamlar bilan ochiq va shaffof muloqot yo‘lga qo‘yilgani, aholi muammolari tinglanib, ko‘plab masalalar hal etilgani bois, 1 dekabr holatida bolalar nafaqasi bo‘yicha murojaatlar soni 45,4 foizga, uy-joy bilan ta’minlash 34,1 foizga, mahalla hududidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash 4,4 foizga, uy-joyni ta’mirlash 11,9 foizga, ichimlik suvi ta’minotidagi murojaatlar 12,3 foizga, maishiy gazballon bilan ta’minlash 41,4 foizga, yer ajratish masalasidagi murojaatlar 4,2 foizga, oilaviy nizolar bo‘yicha murojaatlar 26 foizga kamaygan.

Birgina joriy yilning 16 iyun kuni viloyat hokimi rahbarligida eng ko‘p murojaat tushayotgan hudud hisoblangan Boysun tumani “O‘rta Machay” hududida o‘tkazilgan sayyor qabul natijasida aholini qiynab kelayotgan muammolarni atroflicha o‘rganib, shu mahallaning Xo‘jadiyak qishlog‘i hududida 20 km, Sayrob mahallasi Qo‘shchinor qishlog‘iga 7 km uzunlikdagi suv tarmog‘ini tortish ishlari uchun zarur bo‘lgan quvurlar ajratildi.

Shuningdek, Uzun tumani Nurli kelajak mahallasida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabul jarayonida maktab uchun yangi sport zali qurilishiga, 50 dona elektr ustunlar va bir dona transformator o‘rnatishga, aholi bandligini ta’minlash maqsadida 10 dona gilam to‘qish dastgohi va tikuv mashinalari ajratilishiga kelishildi.

Joriy yilning 3 aprel kuni eng chekka hudud hisoblangan Boysun tumani Yuqori Machay mahallasi hududida o‘tkazilgan qabul jarayonida, viloyat hokimi tomonidan mahalla hududidagi muammolar atroflicha o‘rganildi. Yangi maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi hamda tibbiy punkt qurish bo‘yicha topshiriq berildi.

Murojaat qilgan 7312 nafar fuqarodan 1424 nafari sog‘lig‘ini tiklash, turli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish, dori-darmon vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha yordam so‘ragan.

Qayd etilgan davrda fuqarolarimizning sog‘lig‘ini tiklash va dori-darmon vositalari olish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 459 nafar fuqaroga jami 2 mlrd 992 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash va yashash uyini ta’mirlab berish hamda kredit qarzdorligini so‘ndirishda yordam so‘rab murojaat qilgan 170 nafar xotin-qizlar murojaatlarini ijobiy hal qilish maqsadida 1 mlrd 355 mln so‘m ajratildi.

Viloyat hokimligida aholi muammolarini eshitish va hal qilish uchun doimiy ishlovchi 1088 qisqa ishonch telefoni yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 814 nafar fuqaroning murojaatlari ro‘yxatga olingan, shundan 598 tasi yoki 73 foizi ijobiy hal qilingan.

Kelgusida takroriy murojaatlar kelib chiqishi sabablari chuqur o‘rganilib, ariza va shikoyatlarni qonuniy hal qilmagan, belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqmagan hamda asossiz rad etgan xodimlarning javobgarligi qat’iy hal etib borilmoqda.

Viloyat hokimligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri hisoblanib, chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Top