Jahon | 15:04 / 13.12.2022
8083
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament fraksiyalari yetakchilari YeP rais o‘rinbosarini lavozimidan olib tashlamoqchi

Korrupsiyada gumon qilinayotgan Yevroparlament vitse-prezidenti Yeva Kaylini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qaror 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda qabul qilinadi, deb xabar bermoqda dpa.

Foto: IMAGO

Yevroparlament fraksiyalari yetakchilari korrupsiya va boshqa jinoyatlarda gumon qilinayotgan Yevroparlament vitse-prezidenti Yeva Kaylini lavozimidan chetlashtirish zarurligi to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildi. Ular raislar konferensiyasi deb ataladigan anjuman doirasida shunday taklifga kelishib oldi, deb xabar qilmoqda dpa agentligi 13 dekabr, seshanba kuni Yevroparlamentdagi manbalarga tayanib. 

Yakuniy qaror Yevroparlament deputatlari tomonidan yalpi majlisda qabul qilinishi kerak. Ovoz berish xuddi shu kuni o‘tkazilishi lozim, deb yozadi agentlik. Qaror qabul qilish uchun uni parlament a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi shart.

O‘z navbatida, Kayli advokatlardan biri orqali unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. «Uning pozitsiyasi shundaki, u aybsiz. Uning Qatardan kelayotgan pul oqimiga hech qanday aloqasi yo‘q, mutlaqo hech qanday», - dedi advokat Mixalis Dimitrakopulos Gretsiyaning Open telekanali efirida. U hech qanday tafsilotni oshkor eta olmasligini, shuningdek, Kaylidan pul topilgani yoki topilmagani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Bir kun avval Yevroparlament prezidenti Roberta Metsola deputatlarga murojaat qilib, Yevropa demokratiyasi hamda erkin, ochiq va demokratik jamiyatga hujum to‘g‘risida e’lon qilgan edi. U korrupsiya mojarosini keng qamrovli tekshirishga chaqirdi. O‘tgan hafta oxirida Metsola sobiq gretsiyalik teleboshlovchisi Kaylini YeP vitse-prezidenti lavozimidan chetlatdi, bundan tashqari, u Gretsiyaning PASOK partiyasi va YePning sotsial-demokratik fraksiyasidan chiqarib yuborildi. 

Yevroparlamentning 14 nafar vitse-prezidentlaridan biri Yeva Kayli bir vaqtning o‘zida Qatardagi mehnat bozoridagi vaziyatni kuzatish bo‘yicha vakillardan biri bo‘lgan, u yerda huquq faollari Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarining ko‘plab buzilishi holatlarini qayd etishgan. 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri bilan uchrashdi va 22 noyabr kuni YePda so‘zga chiqib, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berib, uni «arab dunyosini ilhomlantirdi» deb atadi. Dekabr oyi boshida Kayli jahon chempionati mezboni Qatar tomonidan ehtimoliy korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida oltita gumonlanuvchilardan biriga aylandi. 

Bir necha kun oldin ular qo‘lga olindi, tintuv paytida kompyuterlar, mobil telefonlar va 600 ming yevro musodara qilindi. 11 dekabr kuni Belgiya hukumati to‘rt nafar gumonlanuvchiga ayblov e’lon qildi va ularni hibsga olishga order berdi. «Ular jinoiy tashkilotda ishtirok etish, pul yuvish va korrupsiyada ayblanmoqda», — deyiladi prokuratura xabarida. Belgiya matbuotiga ko‘ra, Kaylidan tashqari, uning parlament maslahatchisi Franchesko Jorji, sotsialistik fraksiyadan Yevroparlamentning italiyalik sobiq a’zosi Per-Antonio Panseri va yana bir nomi oshkor etilmagan Bryussel lobbichisi hibsga olingan. Yana ikki qo‘lga olingan shaxs – Kaylining otasi va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bosh kotibi Luka Visentini ozod qilindi.  

Mavzuga oid