Jahon | 11:36 / 17.07.2024
2730
2 daqiqa o‘qiladi

Roberta Metsola Yevroparlament rahbari etib qayta saylandi

Yangi chaqiriq deputatlari maltalik xristian-demokrat Roberta Metsolani Yevropa parlamenti spikeri lavozimiga qayta sayladilar. Yagona muqobil nomzod so‘l fraksiyadan ispaniyalik Irene Montero bo‘ldi.

Foto: AP

Yevroparlament (YeP)dagi xristian demokratlar fraksiyasi vakili Roberta Metsola yangi muddatga YeP raisi sifatida qoladi. 16 iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yangi chaqiriq Yevropa parlamentining birinchi yig‘ilishida 623 deputatdan 562 nafari uning qayta saylanishi uchun ovoz berdi.

Xristian demokratlar, sotsial-demokratlar va liberallarning parlamentdagi fraksiyalari o‘rtasidagi kelishuvlar natijasida Metsola keyingi 2,5 yil davomida ushbu lavozimda qolishi avvalroq ma’lum qilingandi. Ovoz berishda yagona muqobil nomzod so‘l fraksiyadan ispaniyalik Irene Montero bo‘ldi. 61 deputat Monteroni qo‘llab-quvvatladi. 2022 yil yanvarida Roberta Metsola Maltadan Yevropa parlamenti rahbari bo‘lgan birinchi deputat, shuningdek, YeP tarixidagi eng yosh spiker bo‘ldi - u o‘sha paytda 43 yoshda edi. 

Yevroparlament a’zoligiga ayrim hollarda professional bo‘lmagan siyosatchilar ham saylangan, deb ta’kidlaydi AFP. Shu tariqa, ular orasida - Italiyaga noqonuniy qochqinlarni yetkazgan Sea-Watch-3 qutqaruv kemasi kapitani, germaniyalik Karola Rakete, bolgariyalik reper Xristo Petrov (Itso Xazarta taxallusi bilan mashhur), avstriyalik ekologik faol Lena Shilling, 24 yoshli Tiktok va Youtube blogeri, kiprlik Fidias Panayiotou va boshqalar bor. 

Mavzuga oid