Jahon | 00:44 / 20.12.2022
16830
5 daqiqa o‘qiladi

«Ittifoq, AES, gaz, savdo, harbiy hamkorlik» - Lukashenko va Putin suhbati mazmuni

Foto: TASS

Belarus poytaxti Minsk shahrida keng tarkibda Belarus-Rossiya muzokaralari o‘tkazildi. Tadbir yakunida ikki mamlakat rahbarlarining muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbatni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko boshladi.

U tashrif buyurgan delegatsiyaga minnatdorchilik bildirdi va Belarus-Rossiya aloqalarining mustahkamlanishi dunyodagi vaziyatning o‘zgarishiga tabiiy javob bo‘lgani, bunda ikkala tomon ham sinovdan o‘tayotganini, savdo munosabatlari muntazam o‘sib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ikki davlatning so‘nggi paytlardagi muntazam uchrashuvlari G‘arbni xavotirga solayotganini eslatdi.

«Ishonamanki, ba’zi qo‘pol qirralarga qaramay, biz hali ham turli chaqiriq va tahdidlarga samarali javob topamiz. Davlatlarimizning yanada yaqinroq integratsiyalashuvi bo‘yicha qabul qilingan qarorlar har qanday pandemiya, inqiroz yoki sanksiyalarni birgalikda yengib o‘tish mumkinligini butun dunyoga yana bir bor namoyon etmoqda», dedi Lukashenko.

Shu bilan birga, Belarus rahbari har ikkala mamlakat boshqa davlatlar, jumladan, Yevropa davlatlari bilan muloqotga ochiq ekanini, tez orada ular aqlga quloq tutishidan umidvor ekanini ta’kidladi.

«Har qanday holatda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin qilingan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Shu tufayli ustuvor vazifamiz - nozik iqtisodiy masalalarni hal etish, ijtimoiy-siyosiy sohada amalga oshirayotgan islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlash», dedi Lukashenko.

Belarus rahbari birgalikdagi harakatlar tufayli sanksiyalar bosimining salbiy oqibatlari yengib o‘tilganini, Belarus va Rossiya ittifoqi dasturlari bo‘yicha yaxshi ish ketayotganini, barcha sohalarda ma’lum yutuqlar bo‘lsa-da, hozircha hammasi o‘z samarasini bergani yo‘qligini, bu esa taraqqiyotni orqaga surayotganini aytdi.

«Hukumatlar, siz va mensiz, Vladimir Vladimirovich, muayyan masalalarda kelishuvga erishish mumkin emas, deb hisoblamoqda. Bugungi uchrashuvimizning sababi ham shu. Mayli, keling, yana bir bor muammolarni batafsil muhokama qilaylik, kerak bo‘lsa, tegishli siyosiy qarorlar qabul qilaylik», deb xulosa qildi Lukashenko.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin belaruslik hamkasbiga minnatdorchilik bildirdi.

U Rossiya bilan Belarus so‘nggi paytlarda xavfsizlik masalalariga, xalqaro maydondagi hamkorlikka katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

«Belarus nafaqat so‘nggi o‘n yilliklar davomidagi yaxshi qo‘shnimiz, balki to‘liq ma’noda ittifoqchimiz», dedi Putin.

Rossiya rahbari 2021 yilda ikkala mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalari rivojlanib, uchdan birga oshgani va 38,5 milliard dollarga yetganini ta’kidlab, «bu juda yaxshi va muhim ko‘rsatkich», dedi. Bu yilgi ko‘rsatkich 40 milliardga yetishini ma’lum qildi.

Putin energetika masalasiga, jumladan Rossiya tomonidan Belarusda qurilayotgan atom elektr stansiyasiga ham to‘xtaldi.

«Biz deyarli barcha sohalarda faol ishlayapmiz. Energetika sohasida ham. Rossiya, o‘z zarariga bo‘lsa-da, yadroviy loyihani davom ettirmoqda, biz atom elektr stansiyasini qurmoqdamiz. Birinchi blok ishlamoqda va u qancha gaz o‘rnini bosadi? Taxminan 4,5 milliard kubometr gaz o‘rnini bosadi», dedi Putin.

Lukashenko uning gapini bo‘lib: «Zarar nimada, tushuntirib bering, aks holda ular gaz sotyapti deb o‘ylashi mumkin», dedi.

Bunga javoban Putin: «Biz 4,5 mlrd gaz yetkazib berishimiz mumkin edi, lekin buning o‘rniga elektr stansiyasi ishlayapti. «Gazprom» bu gazni Belarus bozoriga yetkazib berishi mumkin edi, lekin endi yetkazib bermayapti», dedi.

Shuningdek, Rossiya prezidenti AES loyihasini yanada rivojlantirishga, ishlashga, bloklarni qurishga tayyorligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Putin moliya sektoridagi, jumladan, Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasidagi o‘zaro hamkorlik, harbiy-texnikaviy, texnologik, kosmik sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish zarurligini aytdi.

«Bularning barchasi bizning e’tiborimiz doirasiga kiradi va menimcha, bugun biz idoralar, umuman, hukumatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilishimiz, yaqin kelajakdagi rejalarimizni ko‘rib chiqishimiz kerak», dedi Putin.

Mavzuga oid