Lukashenko yana 37 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
Belarus prezidenti tomonidan afv etilganlarning olti nafari - ayollar, shuningdek, ular orasida nogironligi mavjud shaxslar va pensionerlar ham bor.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 16 sentabr kuni «ekstremistik jinoyatlari» uchun sudlangan 37 nafar siyosiy mahbusni afv etish bo‘yicha qarorni imzoladi. Ularning olti nafari — ayollar, shuningdek, afv etilganlar orasida nogironligi mavjud shaxslar va pensionerlar ham bor.
Afv etilganlar ro‘yxati e’lon qilinmadi. Ta’kidlanishicha, ularning barchasi «qilmishidan pushaymon bo‘lib, ozodlikka qaytish imkoniyati berilishini so‘ragan».
Bu Lukashenko tomonidan oxirgi bir necha hafta ichida afv etishga oid uchinchi qarorning qabul qilinishidir: 16 avgust kuni mamlakat qamoqxonalarida hibsga saqlanib kelingan 30 nafar siyosiy mahbus ozod etilgandi. 4 sentabrda ham Belarus yetakchisi yana 30 mahbusni afv etgan edi.
Huquq himoyachilari, g‘arb diplomatlari, shuningdek, Belarus muxolifati bu kabi aksiyalar Lukashenko rejimining mohiyatini o‘zgartirmasligini ta’kidlamoqda — 1,4 mingga yaqin odam qamoqda qolyapti. Eng mashhur siyosiy mahbuslar orasida Mariya Kolesnikova ham bor bo‘lib, uning yaqinlari Mariya koloniyada o‘ldirib yuborilishidan xavotirda: ayni vaqtda bo‘yining balandligi 175 santimetrga yetadigan Kolesnikovaning vazni 45 kilogrammga tushib ketgan, u oshqozonidagi yara sabab qamoqxona ovqatini yeya olmaydi. Bundan tashqari, uzoq muddatga qamalgan siyosiy mahbuslar orasida huquq himoyachisi va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Ales Belyatskiy, shuningdek, Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy ham bor.
Belarusda 2020 yil 9 avgustda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi. Aksiya ishtirokchilari yangi, halol saylovlar o‘tkazilishini va siyosiy mahbuslar ozod etilishini talab qilgandi. Kuchishlatar tuzilmalar vakillari namoyishlarni tarqatishda fuqarolariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgan. Aksiyaning dastlabki kunidayoq qariyb 7 ming kishi ushlangan, kamida ikki kishi halok bo‘lgan edi.
Mavzuga oid
20:39 / 08.10.2024
Belarusda «davlat hokimiyatini egallashga uringan» 22 nafar muxolifatchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
21:50 / 04.10.2024
Lukashenko: prezident vertolyotiga hujum urushga olib keladi
19:20 / 04.10.2024
Lukashenko Ukrainani qayta tiklashga yordam taklif qildi
15:30 / 01.10.2024