Jahon | 00:27 / 23.12.2022
21320
2 daqiqa o‘qiladi

«Yaponiya – Markaziy Osiyo» uchrashuvi Rossiya TIV tomonidan tanqid qilindi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yaponiyani Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga putur yetkazayotganlikda aybladi.

Foto: TASS

Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Yaponiyani Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi uzoq yillar davomida shakllangan iqtisodiy aloqalarga putur yetkazayotganlikda aybladi.

Diplomat 24 dekabr kuni Tokioda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston delegatlari ishtirokida «Yaponiya - Markaziy Osiyo» vazirlar uchrashuvini o‘tkazish rejalariga shu tarzda izoh berdi.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Yaponiyaga shunday siyosatni yuklamoqda. «Aftidan, Yaponiya mustaqil siyosat yuritish qobiliyatini yo‘qotib, butunlay chet el manfaatlariga xizmat qilishga o‘tib, Rossiyaga har tomonlama bosimni kuchaytirish uchun boshqa davlatlarga ham xuddi shunday rolni yuklamoqchi», dedi u.

TIV vakilining qo‘shimcha qilishicha, Moskva Markaziy Osiyo davlatlari va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni hurmat qiladi, ammo Tokioning tinch hamkorlik qilish niyatiga shubha qiladi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya jahon hamjamiyatini Rossiyaga qarshi birlashtirishni maqsad qilgan.

«Yaponiya – Markaziy Osiyo» uchrashuvi 24 dekabr kuni Tokioda o‘tkaziladi. Unda Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi hamkasblari bilan uchrashadi. Muzokaralar davomida umumiy hamkorlik, Markaziy Osiyo mintaqasini barqaror rivojlantirish masalasi muhokama qilinadi.

Kun tartibidan xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina va Afg‘onistondagi vaziyat ham o‘rin olgan. Tadbir doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda. Ushbu formatga 2004 yilda asos solingan.

Mavzuga oid