Jahon | 00:36 / 19.11.2024
6017
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi

Rezolyutsiyani Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi, jumladan, Xitoy ham qo‘llab-quvvatladi - biroq Rossiya tomonidan qo‘yilgan veto tufali u qabul qilinmadi.

Foto: Twitter / UN News

Rossiya Sudandagi fuqarolik urushida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va millionlab muhtojlarga gumanitar yordamni yetkazishga chaqiruvchi BMT Xavfsizlik kengashining rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi.

Ovoz berish jarayoni Buyuk Britaniya raisligi ostida o‘tkazildi. Rezolyutsiya loyihasi Serra-Leone bilan birgalikda ishlab chiqilgan edi. Uni Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi, jumladan, Xitoy ham qo‘llab-quvvatladi — biroq Rossiya tomonidan qo‘yilgan veto tufali rezolyutsiya qabul qilinmadi.

Buyuk Britaniya TIV rahbari Devid Lemmi Rossiyaning qarorini «uyat» deb atab, faqat bitta davlat — tinchlik dushmani ekanini ma’lum qildi. «Ukrainada tajovuzkor urushni boshlab bergani uchun Putinga — uyat. Butun Afrika qit’asida zo‘rovonlik va mojaroni tarqatish uchun o‘z yollanma jangchilaridan foydalanayotgani uchun Putinga — uyat. Afrikaliklarni qotillik, zo‘rlash va shafqatsiz urushda ochlikdan o‘ldirishga mahkum etib, o‘zini global janubning sherigi sifatida ko‘rsatgani uchun Putinga — uyat».

O‘z nutqi davomida u Rossiya vakiliga savol bilan yuzlanib, RF harakatga kelishi uchun yana qancha tinch aholi o‘lishi, ayollar esa zo‘ravonlikka uchrashi kerakligini so‘radi. «Endi Rossiya BMTning barcha a’zolari oldida tushuntirish berishi kerak», — deydi Lemmi.

Sudanda fuqarolik urushi 2023 yil aprelda, 2021 yilgi to‘ntarishdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar va Tezkor harakat kuchlari — harbiylashtirilgan armiya bo‘linmalari o‘rtasida keskinlik paydo bo‘lgach boshlangan. Avvaliga mojaro Sudan poytaxtida yuz berdi, keyin mamlakatning boshqa hududlariga ham tarqaldi. BMTning 2024 yil aprel oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, 8,5 milliondan ortiq sudanlik o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. To‘qqiz mingdan ortiq aholi halok bo‘lgan, millionlab fuqarolar ochlik yoqasida. BMT Sudandagi vaziyatni «dunyodagi eng ayanchli oziq-ovqat inqirozi» deb ta’riflagan.

Mavzuga oid