Jahon | 15:36 / 26.12.2022
15573
3 daqiqa o‘qiladi

Seul KXDR dronlarining kelishiga javoban qiruvchilarini havoga ko‘tardi

Janubiy Koreya Shimoliy Koreya uchuvchisiz uchoqlarining harbiy chegara chizig‘ini kesib o‘tishiga javoban qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tardi, deb xabar bermoqda Yonhap axborot agentligi.

Foto: airandspaceforces

Shimoliy Koreyaning uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) mahalliy vaqt bilan taxminan 10:25 da (Toshkent vaqti bilan 06:25) Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasi chegaradosh hududlarida Koreya Respublikasi (KR) chegarasini kesib o‘tgan. Bu haqda 26 dekabr, dushanba kuni Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.

Dronlar ikki Koreyani ajratib turuvchi harbiy chegara chizig‘ini kesib o‘tdi va Paju, Gimpo hamda Gangxva orollarida payqaldi, bu esa Seul aeroportlarida fuqarolik parvozlarini vaqtincha to‘xtatib qo‘yishiga sabab bo‘ldi. Janubiy Koreya ogohlantirish e’lon qildi, ogohlantiruvchi o‘q uzdi, qiruvchi samolyotlar, jangovar vertolyotlar, harbiy samolyotlarni havoga ko‘tardi. Janubiy koreyalik manbaning ta’kidlashicha, dronlarning qurol bilan jihozlangani hali aniqlashtirilmagan.

Janubiy Koreya harbiylari Koreya Respublikasi Havo kuchlari uchun Korea Aerospace Industries tomonidan ishlab chiqilgan KA-1 yengil hujumchi samolyotini ham ishlatdi. Biroq u Seuldan 140 kilometr sharqda, Gangvon provinsiyasining Xvenson okrugida qulagan. Ikkala uchuvchi ham katapulta vositasida irg‘ib chiqib parashyut bilan o‘zini qutqarib qolgan.

Seulda uchuvchisiz uchoqlar tobora ko‘proq tashvish uyg‘otib bormoqda, chunki ular razvedka missiyalari va ehtimoliy hujumlar uchun ishlatilishi mumkin.

Bungacha Shimoliy Koreyaning dronlari 2014 va 2017 yillarda Janubiy Koreya bilan chegaraning janubida aniqlangan edi.

18 dekabr kuni Shimoliy Koreya harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini sinovdan o‘tkazishning so‘nggi bosqichi yakunlanganini e’lon qildi. Tasvir va axborot ma’lumotlarini uzatish imkoniyatlari sinovdan o‘tkazildi, deb xabar qildi KMTA davlat axborot agentligi. Taxminan 500 km balandlikka ko‘tarilgan sinov sun’iy yo‘ldoshi bilan raketa uchirilishi haqida ham ma’lum qilindi.

17 dekabr kuni Janubiy Koreya harbiylari Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlaridan, KXDR hududidan Yapon dengizi tomon ikkita ballistik raketa uchirilgani haqida xabar berdi. Ushbu turdagi raketalar yadro kallaklarini olib yurishi va Yaponiyadagi nishonlarni urish uchun yetarli masofani bosib o‘tishi mumkin.

O‘z navbatida, Yaponiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Toshiro Ino Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan ballistik raketalar Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasi (MIZ) tashqarisiga tushganini ma’lum qildi. Inoning so‘zlariga ko‘ra, ular taxminan 550 km balandlikda uchgan va kamida 250 km masofani bosib o‘tgan.

Shimoliy Koreya 2022 yilda har qachongidan ham ko‘proq raketa uchirdi, deya qayd etdi Reuters: Pxenyan yil boshidan beri 50 dan ortiq raketa sinovlarini o‘tkazdi.

Mavzuga oid