22:33 / 27.12.2022
61516

«Dok-1 MAKS» dorisi bilan bog‘liq gumonlanuvchilar DXX tomonidan hibsga olindi 

Davlat xavfsizlik xizmati 18 bolaning o‘limi bilan yakunlangan «Dok-1 MAKS» dorisi bilan bog‘liq voqealar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. 

Foto: Videodan kadr

Qayd qilinishicha, Hindistonning «Marion Biotech Pvt. Ltd» kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci mamlakatimizga «Quramax Medical» MChJ tomonidan savdoga chiqarilgan. 

Preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan laboratoriya o‘rganishlariga ko‘ra, bu siropning tarkibida mavjud bo‘lgan «etilenglikol» moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga ko‘ra, «Dok-1 Maks» siropi me’yoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi. 

Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan «Quramax Medical» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi. 

Top