Jahon | 23:42 / 10.01.2023
6083
3 daqiqa o‘qiladi

Respublikachilar Baydenni vitse-prezidentlik davrida maxfiy hujjatlarni o‘g‘irlaganlikda ayblamoqda 

AQSh Bosh prokurori ushbu materiallarning topilishini tekshirish uchun prokuror tayinladi. 

Foto: picture alliance / Consolidated / TASS

AQSh Kongressi vakillar palatasidagi respublikachilar prezident Jo Baydenni jinoyat sodir etganlikda ayblamoqda. Yaqinda Vashingtonda joylashgan Bayden nomidagi tahlil markazi binosida uning vitse-prezidentlik davriga oid maxfiy hujjatlar topildi. 

«Jo Bayden maxfiy hujjatlarni o‘g‘irlagan. Bu juda og‘ir jinoyat», deb yozdi Jorjiya vakili Marjori Teylor Grin ijtimoiy tarmoqda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, endi AQSh Adliya vazirligi va Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi «bu voqeani bosti-bosti qilolmaydi». 

O‘z navbatida, Vakillar palatasi a’zosi, deputat Ronni Jyekson prezidentni ikki tomonlama standartlar siyosatini yuritayotganlikda aybladi. 

«Bayden ko‘p yillar davomida shaxsiy kabinetida o‘ta maxfiy hujjatlarni saqlaganini bilar edi. U bu haqda FQB xodimlari Mar-a-Lagoda (AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp uyida) tintuv qilganida ham bilgan va bu haqda maxsus prokurorni tayinlagan paytida ham bilgan (Tramp ishini tekshirish uchun). Bu haqda u har doim bilgan va uning Adliya vazirligidagi xodimlari baribir Trampni ta’qib qilishgan», deb yozdi Jyekson. 

CBS News xabariga ko‘ra, seshanbaga o‘tar kechasi Vashingtonda joylashgan Bayden nomidagi Diplomatiya va global hamkorlik markazida o‘nlab maxfiy hujjatlar topilgan. Ular Baydenning vitse-prezident lavozimida ishlagan davriga oid bo‘lgan. 

Materiallar Baydenning shaxsiy advokatlari tomonidan 2022 yil noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan topilgan. Prezidentning maxsus maslahatchisi Richard Sauber so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar Baydenning advokatlari uning ofisini bo‘shatayotganida topilgan. Hujjatlar maxfiy bo‘lmagan boshqa qog‘ozlar bilan bir jildda saqlangan. Shu bilan birga, telekanal manbalari maxfiy hujjatlarda qanday ma’lumotlar bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. 

Fox News xabariga ko‘ra, AQSh bosh prokurori Merrik Garland Illinoys shimoliy okrugi prokurori Jon Loshni maxfiy hujjatlar topilganini tekshirish uchun mas’ul qilib tayinlagan. 

2022 yil avgust oyida FQB sobiq prezidenti Donald Trampning Mar-a-Lagodagi uyida tintuv o‘tkazib, prezidentlik davriga oid maxfiy hujjatlarni topgan edi. Hozirda bu ish bo‘yicha surishtiruv davom etmoqda. 

Tramp Baydenning ofisida maxfiy hujjatlar topilganini izohlar ekan, ijtimoiy tarmoqda: «FQB qachon Jo Baydenning uyini tintuv qiladi? Balki Oq uyni ham tintuv qilar?», deb yozdi. 

Mavzuga oid