Jahon | 18:57 / 13.01.2023
8000
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Asqar Akayevga nisbatan ochilgan jinoiy ish to‘xtatildi

Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha da’vo muddati o‘tgani tufayli unga nisbatan ochilgan ish tugatildi.

Foto: 24.kg

Qirg‘izistonda sobiq prezidenti Asqar Akayevga nisbatan Qumtor konidagi korrupsiya bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish to‘xtatildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

«Asqar Akayevga nisbatan jinoiy ta’qib, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha da’vo muddati o‘tgani tufayli tugatildi», dedi Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi xalqaro huquqiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Asilbek Akmatov.

Bosh prokuratura vakili Akayevga nisbatan hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishda sheriklik, 1992 yilda Kameko kompaniyasi bilan bosh kelishuv tuzish va 2003 yilda «Qumtor» loyihasini qayta tuzishda beparvolik qilganlik aybi qo‘yilganini eslatdi.

2021 yil avgustida Akayev Qirg‘izistonga qaytib, «Qumtor» ishi bo‘yicha tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘rsatma berganidan so‘ng, u o‘z vatandoshlariga videomurojaat qilib, «Qumtor» loyihasi bo‘yicha qaror qabul qilishdagi xatolarini tan oldi va uzr so‘radi.

Shu bilan birga, Akayev asosiy ayb «jinoiy xatolar»ga yo‘l qo‘ygan hukumatda ekanini ta’kidlab, qo‘l ostidagilarga «ko‘r-ko‘rona ishonganini» aytdi.

2022 yil 14 dekabr kuni yana Bishkekka qaytgan Akayev maxsus xizmatlar tomonidan so‘roqqa tutilgan va 20 dekabr kuni Moskvaga jo‘nab ketgan edi.

Asqar Akayev 1991-2005 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. 2005 yil mart oyida yuz bergan ommaviy tartibsizliklardan keyin Qirg‘izistonni tark etib, iste’foga chiqqan edi.

Mavzuga oid