Jahon | 11:25 / 17.01.2023
9047
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda Xitoy aholisi 60 yil ichida birinchi marta qisqardi

2022 yilda Xitoyda 1,411 milliard kishi istiqomat qilgan, bu bir yil avvalgiga nisbatan 850 ming kishiga kam.

Foto: Getty Images

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida dunyoda eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan Xitoyda 1,411 milliard kishi istiqomat qilgan, bu bir yil avvalgiga nisbatan 850 ming kishiga kam. Bu haqda 17 yanvar, seshanba kuni Xitoy Xalq Respublikasining Pekindagi Davlat statistika boshqarmasi ma’lum qildi. Shunday qilib, 2022 yilda mamlakat aholisi so‘nggi oltmish yilda birinchi marta kamaydi, deya ta’kidladi dpa agentligi.

Tug‘ilish darajasi har 1000 kishiga atigi 6,77 tug‘ilishni tashkil etdi, bu oxirgi o‘n yilliklardagi eng past ko‘rsatkichdir.

2022 yilda tug‘ilganlar soni (9,56 million) o‘lganlar sonidan (10,41 million) kam bo‘ldi. Bungacha 1960 va 1961 yilda sanoatlashtirishning falokatli oqibatlaridan keyin kuchli ocharchilik fonida pasayish qayd etilgan.

Mutaxassislarning fikricha, Xitoy uzoq vaqtdan beri tug‘ilishning keskin kamayishi va aholining qarishidan aziyat chekmoqda. 2015 yilda munozarali demografik siyosatning bekor qilinishi («Bir oila - bir bola») ko‘rsatkichlarning oshishiga olib keldi - lekin faqat birozga va qisqa vaqt ichida.

Mutaxassislarning fikricha, bunga Xitoyda uy-joy, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlarining qimmatligi, shuningdek, aholining turmush qurish istagining pasayishi sabab bo‘lgan. Pandemiya ushbu salbiy tendensiyani yanada kuchaytirgan ko‘rinadi.

2021 yilda turmush qurgan xitoylik juftliklarga uch nafargacha farzand ko‘rishga ruxsat berildi. Ta’lim xarajatlari biroz qisqartirildi. Onalik va tug‘uruq ta’tilini berish osonlashtirildi.

Shu bilan birga, har beshinchi Xitoy fuqarosi 60 yoshdan oshgan. 15 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan mehnatga layoqatli aholi qatlami qisqarishda davom etmoqda.

1979 yilda Xitoyda tug‘ilishni nazorat qilish kampaniyasi boshlandi. Uning maqsadi aholi sonini cheklash edi. 2013 yilda turmush o‘rtoqlardan biri oilada yagona farzand bo‘lgan er-xotinlarga, ba’zi etnik ozchiliklar vakillariga, shuningdek, bir qator viloyatlarning qishloq aholisiga, agar oilada birinchi farzand qiz bo‘lsa, ikkinchi farzand ko‘rishga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, pandemiya fonida so‘nggi oylarda Xitoy kasalxonalari to‘lib ketdi, krematoriylar jasadlarni yoqishga ulgurmayapti. Rasmiy ma’lumotlar uzoq vaqtdan beri Xitoydagi epidemiyaning haqiqiy ko‘lamini aks ettirmaydi, deb ta’kidladi dpa agentligi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoyda yuz minglab odamlar COVID-19'dan vafot etgan.

Mavzuga oid