17:26 / 19.01.2023
16386

Bir qator hududlarda pul evaziga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida pul evaziga haydovchilik guvohnomasi olishda «yordamlashmoqchi bo‘lgan» shaxslar ushlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy bo‘limlari va huquqni himoya qilish organlari tomonidan O‘zbekistonning bir qancha hududlarida pul evaziga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Jumladan, departamentning Vobkent tumani bo‘limi, viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda uch nafar shaxs fuqarolardan birini haydovchilik guvohnomasi olishi uchun bo‘ladigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish evaziga 400 dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Koson tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro N.X. fuqaro A.P.ni haydovchilik guvohnomasi olishi uchun bo‘ladigan imtihondan go‘yoki IIBda ishlovchi tanishi yordamida o‘tkazib qo‘yish evaziga 2,2 mln so‘m olgani, shundan 2 mln so‘mni qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.Sh. fuqaro S.K.ni haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘ladigan imtihondan tanishlari yordamida o‘tkazib qo‘yish evaziga 2 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top