O‘zbekiston va Qirg‘iziston yengil avtomobillar ishlab chiqarish imkoniyatini o‘rganyapti
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida Bishkek shahrida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev hamda iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar forum davomida imzolanishi rejalashtirilgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari ro‘yxatini sinxronlashtirdi. Kimyo va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va turizm kabi sohalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib borayotgani ta’kidlandi. So‘nggi 6 yil ichida ikki tomonlama savdo 8 barobar oshib, 2022 yilda 1,3 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qator aniq amaliy choralar ko‘rishga hozirlik bildirildi.
Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashuvda tijorat avtomobillari va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, yigiruv va to‘qimachilik korxonalarini qurish va kengaytirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlarga tegishli shartnoma va bitimlar tuzishda ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida, ya’ni ikki davlat hududlarida intensiv bog‘lar va yuqori texnologiyali issiqxonalar barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish joylari, shuningdek, ikki davlat xususiy korxonalari orqali tashabbuskorlar bir hafta muddatda belgilanadi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi loyihasini tayyorlash masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Loyihaning har bir bosqichini amalga oshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan «Yo‘l xaritasi»ni imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini hayotga tatbiq etishni nazarda tutgan holda energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tegishli hujjatlar qabul qilishni tezlashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mavzuga oid
17:30 / 14.11.2024
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024