O‘zbekiston | 18:15 / 28.02.2023
5583
2 daqiqa o‘qiladi

Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi

Vazirlar Mahkamasi akkreditatsiya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashi belgilandi.

«Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun (O‘RQ–820, 27.02.2023 y.) prezident tomonidan imzolandi.

Qonunchilikka ko‘ra, muvofiqlikni baholash — mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimlari, xodimlar, muvofiqlikni baholash organlarining normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha faoliyat hisoblanadi.

Muvofiqlikni baholash organlari — yuridik shaxs bo‘lgan va muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan inspeksiya organlari, sinov va kalibrlash laboratoriyalari (markazlari), mahsulotni, xizmatlarni, menejment tizimlarini, xodimlarni sertifikatlashtirish organlari hisoblanadi.

Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi akkreditatsiya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi akkreditatsiya sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Milliy akkreditatsiya tizimi muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish qoidalarini va tartib-taomilini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq davlat miqyosida faoliyat ko‘rsatuvchi tizimdir.

Milliy akkreditatsiya tizimi ishtirokchilari quyidagilardan iborat:

  • maxsus vakolatli davlat organi;
  • akkreditatsiya bo‘yicha kengash;
  • akkreditatsiya organi;
  • akkreditatsiya qilingan sub’yektlar;
  • akkreditatsiya bo‘yicha baholovchilar va texnik ekspertlar;
  • akkreditatsiya bo‘yicha texnik qo‘mitalar.

Akkreditatsiya, agar amal qilishi tugatilmagan bo‘lsa, guvohnomada ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Mavzuga oid