Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini qanday yaxshilash mumkin?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Vaziyatni yaxshilash uchun mintaqa davlatlari o‘zgaruvchan suv rejimiga chidamli, serhosil ekin navlarini yaratishi va o‘zaro savdo hajmini oshirishi kerak.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ekspertlari Bui Min Giap va Yasmin Siddiq Markaziy Osiyoda qanday qilib oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash mumkinligi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini taqdim etdi.
“Markaziy Osiyoda qish tugadi. Qalin qor va anomal sovuq ba’zi sabzavotlar hosilining kamayishiga olib keldi. O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi davlatlar piyoz eksportini vaqtincha to‘xtatdi.
Ushbu omillar shundog‘am yuqori bo‘lgan oziq-ovqat narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan savdo uzilishlari va pandemiyaning uzoq davom etayotgan ta’siri mintaqada oziq-ovqat narxlari inflatsiyasining ikki xonali o‘sishi kuzatilishiga sabab bo‘ldi”, deydi OTB ekspertlari.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyoda 10 mln gektar yerni sug‘orish uchun asosiy manba bo‘lgan Sirdaryo va Amudaryo havzalarida suv hajmi 15 foizga qisqarishi kutilmoqda. Muzliklarning erishi ekinlarni ekish va sug‘orish muddatlari bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, chunki daryolarda suv hajmining eng yuqori miqdori yil boshida sodir bo‘lmoqda.
Vaziyatni yaxshilash uchun tez va oson yechimlar bo‘lmasa-da, hozirgidan samaraliroq va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun mintaqaga katta miqdorda sarmoya va mablag‘ kerak bo‘ladi.
O‘zaro hamkorlik oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga yordam beradi. Osiyoning boshqa qismlariga nisbatan dengizdan uzoqda joylashgan Markaziy Osiyoda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik iqlimga chidamli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi, shuningdek, ehtiyojni qondirish uchun o‘zaro savdo hajmini oshirishi kerak.
“Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (CAREC) a’zolari o‘tgan yili to‘g‘ri yo‘nalishda qadam tashladi. Noyabr oyida ular qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yaqindan hamkorlik qilish imkonini beruvchi yangi tuzilma tashkil qildi. Hamkorlik uchta asosiy yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Birinchidan, qishloq xo‘jaligida o‘zaro tajriba almashish. Bug‘doy, sholi, makkajo‘xori kabi oziq-ovqat mahsulotlari hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarining asosiy qismini tashkil qiladi, biroq viloyatlardagi ko‘plab fermer xo‘jaliklarining kichikligi va mexanizatsiya darajasi pastligi hosildorlikka ham ta’sir ko‘rsatadi. Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Pokiston va Tojikistonda o‘rtacha dehqonchilik maydonlari 1-3 gektarni tashkil etadi. Ushbu kichik hajm fermerlarning ishlab chiqarishni ko‘paytirishga imkon berishi mumkin bo‘lgan o‘g‘itlar va texnologiyalarni sotib olishdagi moliyaviy imkoniyatini cheklaydi.
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy usullardan foydalanish hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, Xitoyda suvni past bosimda quvurlar tarmog‘i orqali tarqatish bilan isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgan zamonaviy texnologiya joriy etilgan. Qozog‘iston hosildorlikni oshirish, o‘g‘it va pestitsidlarni qo‘llashda dronlar va sun’iy yo‘ldoshlar orqali to‘plangan tuproq, ob-havo va ekinlar hosildorligi haqidagi ma’lumotlardan foydalanadi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan ushbu tajriba loyihalari samarali natijalar ko‘rsatgan: chorva suti mahsuldorligi 18 foizga oshgan, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish xarajatlari 20 foizga kamaygan, g‘alla hosildorligi gektariga 2,5 tonnaga ko‘paygan.
Bilim almashishning yana bir usuli ta’lim va tadqiqotlardir. Qishloq xo‘jaligi amaliyotida foydalaniladigan dasturlarni ishlab chiqish yosh mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi. Zararkunandalar, epidemiyalar va o‘zgaruvchan suv rejimiga chidamli, serhosil ekin navlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan izlanishlar hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, oziq-ovqat qiymat zanjirini rivojlantirish uchun birgalikda harakat qilish. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash xizmatlari Markaziy Osiyoning aksariyat mamlakatlarida hali ham rivojlanmagan, bu yerda yig‘ilgan meva va sabzavotlarning 25 foizgacha qismi isrof qilinadi.
Mintaqadagi davlatlar oziq-ovqat ta’minoti uchun muhim bo‘lgan xizmatlarga sarmoya kiritishga undaydigan qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishi va xususiy sektorni jalb qilish orqali ushbu kamchiliklarni bartaraf etishlari mumkin. Hukumatlar ushbu jarayonda yerga egalik huquqini ta’minlashi muhim ahamiyatga ega. Xususiy sektor korxonalarini shaffof rag‘batlantirish va investitsiyalardan so‘ng ularning aktivlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Uchinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini takomillashtirish orqali savdoni kengaytirish. Ko‘pgina CAREC mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi tizimi eskirgan va xalqaro standartlarga javob bermaydigan sanitariya va fitosanitariya choralari mavjud. Ushbu standartlarni yangilash uchun samarali va shaffof elektron sanitariya va fitosanitariya sertifikatlash tizimlarini amaliyotga tatbiq etish tavsiya qilinadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi tizimlarini takomillashtirish va ularni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish mintaqada oziq-ovqat savdosini oshirishga, oziq-ovqat mahsulotlarining mavjudligi va arzonligini ta’minlashga yordam beradi. Shuningdek, oziq-ovqat sanoatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi mumkin, bu esa ta’minotni ko‘paytirishga, mamlakatlarning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga va mintaqadan tashqarida mahsulot bozorlarini kengaytirishga yordam beradi”.
Mutaxassislarning xulosa qilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda, biroq o‘zaro hamkorlikda uzoq muddatli yechimlarni topish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Mavzuga oid
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024
JSST salomatlik uchun xavfli bo‘lgan 5 turdagi oziq-ovqatlar ro‘yxatini e’lon qildi
11:40 / 18.10.2024