20:48 / 24.03.2023
37704

«Vagner» taktikasi: nega yollanma jangarilar Rossiya armiyasidan samaraliroq urushmoqda?

«Putinning oshpazi» rahbarlik qilayotgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Ukrainaning Baxmut shahri atrofida va ichida siquvni davom ettirmoqda. Allaqachon shahar mavzelarining yarmi egallangan, qolgan qismi ham tez orada qurshab olinishi mumkin.

Yevgeniy Prigojin o‘z yollanma jangarilari bilan. Foto: «Vagner» XHK.

Lekin shunga qaramasdan Ukraina qo‘mondonligi shahar mudofaasini ta’minlashga qaror qildi va zaxiraning yana bir qismini shu yo‘nalishga tashladi. Bu «vagnerchilar»ning siljishini to‘xtatmagan bo‘lsa-da, ancha sekinlashtirdi. Shu bilan bir vaqtda son jihatdan kichikroq Ukraina armiyasini turli yo‘nalishlardan siqishga kirishgan Rossiya muntazam armiyasi natijaga erisha olmayapti.

Xo‘sh, aynan nima «Vagner» XHKni Rossiyaning eng samarali harbiy kuchiga aylantirdi? Unga qarshi Ukraina qurolli kuchlari nima qila oladi? «Meduza» «Vagner» XHKning taktikasini batafsil o‘rganib chiqdi.

So‘nggi yilda «Vagner» Ukrainada qanday jang olib bordi?

Putinga yaqin tadbirkor Yevgeniy Prigojin tomonidan nazorat qilinadigan «Vagner» XHK Ukrainaga bosqinning dastlabki kunlari va haftalarida ishtirok etmagan. Yollanma jangarilar faqat 2022 yilning apreliga kelib Ukrainaga tashlangan. O‘shanda shturm otryadlari Luhansk oblastining Popasna shahri uchun janglarga kirishgandi. Shahar 2015 yildan buyon Ukraina qo‘shinlari va o‘zini o‘zi mustaqil deya atab olgan «LXR» ayirmachilarining «to‘qnashuv chizig‘i»da edi. Bu joy Kiyev tomonidan mudofaaga yaxshi tayyorlangandi.

Bu vaqtga kelib rus qo‘mondonligi Kiyev, Xarkiv va Mikolayiv ostonasida qaqshatqich mag‘lubiyatga uchrab, Donbassda bir necha yo‘nalishda hujum boshlagandi. Bu hujumlarning katta qismi hech narsa bilan tugamadi, biroq «Vagner» XHK Ukraina armiyasini Popasna shahridan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Shu bilan olg‘a siljish tugadi

Nega?

Rossiya qo‘mondonligi muvaffaqiyatni rivojlantirib, 2022 yilning yozgi kampaniyasini Ukrainaning Severodonetsk va Lisichansk shaharlaridagi bo‘linmalarini qurshab olib, nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi.

Popasnadan shimolroqda «Vagner» XHK muntazam armiya qismlari bilan Ukraina qurolli kuchlari ortiga o‘tib olishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, Rossiyaning Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari Shimoliy Don daryosini kechib o‘tib, ularga peshvoz chiqishni eplay olmasdan, katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi.

Qurshab olishning uddasidan chiqa olishmagach, Rossiya qo‘shinlari yana ikki oy davomida katta yo‘qotishlar evaziga Ukraina bo‘linmalarini Severodonetsk va Lisichanskdan siqib chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

Iyul oyi boshlarida Lisichansk egallangach, rossiyaliklar sharqdan Soledar va Baxmut ostonasiga chiqishdi, biroq shu yerda ularning olg‘a siljishi depsinib qoldi. Putin esa harbiylar hordiq chiqarishi kerak, deb hisobladi. Ikki oydan so‘ng Ukraina QK o‘z qarshi hujumini boshladi. Avval Xerson, so‘ngra Xarkiv oblastida. RF QK tashabbusni to‘liq boy berib, bir necha oyga mudofaa bilan mashg‘ul bo‘lib qoldi.

Ukraina qurolli kuchlari askarlari Baxmut shahrida. Foto: vsn.in.ua

«Vagner» XHK o‘shandayoq frontda mavjud shart-sharoitlar uchun o‘z taktikasi to‘g‘ri kelishini namoyon qilib bo‘lgan edi. Popasnada yollanma jangarilardan iborat shturm guruhining jangi suratga olindi, ular razvedka droni yordamida Ukraina QKning o‘zidan yirikroq bo‘linmasi pozitsiyasini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Bu video Mariupoldagi va Luhansk oblastidagi Rubijnedagi ko‘cha janglaridan butkul farq qilardi.

Avgust oyidan boshlab «Vagner» XHK bir necha o‘n ming mahbus va iste’fodagi harbiylarni o‘z safiga safarbar qilib, resurslarini keskin kengaytirdi. Rossiya QK Donbass shimolidan chekinar ekan, «Vagner» olg‘a siljishda davom etardi. 1 avgust kuni yollanma jangarilar Vuhledar IESni egallab, janubdan Baxmut tomon sekin-asta bostirib bora boshladi. 

Oktyabr oyida «Vagner» XHK shunchalik kuchaydiki, ularga Horlivkadan Soledargacha frontning shimoliy qismi ham ishonib topshirildi (u yerdagi muntazam qo‘shinlar kuzda yordamchi vazifani bajarishdi). Noyabr oyida Ukraina QK Xersonni ozod qilib, Luhansk oblasti shimolidagi Svatovega hujum qilishga uringanida, Rossiyaning barcha harbiy kuchlari qiyin ahvoldaligiga qaramasdan «Vagner» XHK Soledar va Baxmutni egallash uchun operatsiya tayyorlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ukraina QK Baxmut hududiga yordamchi kuchlar tashlay boshladi, shundan so‘ng Svatove hududida harakat qilgan guruhni ham Donbass markazini qo‘shimcha kuchaytirish uchun safarbar qildi. Biroq, bu zaxiralar hozirgacha «Vagner» XHK siquvini to‘xtata olgani yo‘q. Rossiya qurolli kuchlarining qishda boshlangan barcha hujumlari esa sezilarli natijalarga olib kelmadi.

Nega «Vagner» XHK samarali ishlamoqda?

«Vagner» XHKni (miqyosi va u harakat qilayotgan yo‘nalish o‘lchami bo‘yicha) RF QKning harbiy okruglar bazasida tashkil etilgan guruhlariga taqqoslash mumkin. Yollanma jangarilar o‘z artilleriyasi va ma’lum miqdordagi aviatsiyasiga ham ega.

«Vagner» XHK tashkiloti va urush olib borish usullari haqida ko‘p narsa ma’lum emas (jumladan, operatsiyalarni aynan kim tayyorlashi, jangarilar ustidan kim qo‘mondonlik qilishi, qanday shart-sharoitlarda yangi operatsiyalar ishlab chiqilishi). Jangarilarning Yevgeniy Prigojinga ishlovchi harbiy muxbirlarga aytgan kam sonli va aniq bo‘lmagan hikoyalari uzuq-yuluq manba sifatida xizmat qiladi.

Yevgeniy Prigojin harbiy harakatlar hududida. Foto: «Vagner» XHK

Bundan tashqari, Ukrainaga tegishli dronlar tomonidan «Vagner» yollanma jangarilarining harakatlari tushirilgan tasvirlar, ukrainalik harbiylar va jurnalistlarning o‘lja sifatida qo‘lga kiritilgan hujjatlarni o‘rgangan boshqa harbiylarga bergan savollari va boshqa xabarlar ham bor. Bu xabarlarni mustaqil ravishda tasdiqlash juda qiyin, lekin ular Rossiya tomonidan urushning borishi haqida e’lon qilib borilgan hujjatli guvohliklar, pilotsiz boshqariladigan uchar qurilmalar videolariga zid emas.

Operativ darajada «Vagner» XHK Rossiya muntazam qo‘shinlaridan nimasi bilan farq qiladi?

  • «Vagner» XHK qo‘mondonligi RF QKga xos bo‘lmagan katta egiluvchanlikni namoyish qiladi. Masalan, Baxmut uchun janglarda «Vagner» XHK bosh zarba yo‘nalishlarini ko‘plab marta o‘zgartirib turgan. Agar noyabr oyida yollanma jangarilar Baxmutni janubdan shturm qilib, aylanib o‘tishni niyat qilgandek ko‘ringan bo‘lsa, dekabr oyida XHK kutilmaganda Soledar atrofidagi o‘zini mustaqil deydigan «LXR» qo‘shinlarini almashtirib, shahar atrofidagi bir necha posyolkalarni egallab oldi. Baxmutdan janubroqda jangarilar o‘rniga havo-desant qo‘shinlari qismlari jang qilayotgandi. So‘ngra «Vagner» yana Baxmut janubidan hujum uyushtirib, Opitne shaharchasini egallab oldi, biroq keyin yana Soledar tarafdan bor kuchi bilan hujum boshladi va shaharga yorib kirildi. Bundan keyin yana janubdan zarba berildi va yollanma jangarilar Baxmut mudofaasi uchun o‘t muhim bo‘lgan Klishchiyivka posyolkasini egallashdi. Baxmut shahrining o‘zida ham xuddi shu tariqa kuchlar taqsimoti vektorlari almashib turibdi. Zarba yo‘nalishining bu qadar tez-tez almashtirilishi Ukraina QK zaxiralarini ham charchatdi. Bunday yondashuv Vuhledarga hujumdan tubdan farq qiladi. U yerda RF qo‘mondonligi (Sharqiy harbiy okrug) bir necha oylardan buyon bir yo‘nalishdagi taktikalardan foydalanib, muvaffaqiyat qozona olmayapti.
  • «Vagner» XHK kuch va vositalarni bir joyga jamlashni yaxshiroq eplaydi, shuningdek o‘zining shturmchi otryadlari va hamda ularni qo‘llovchi kuchlari — artilleriya, aviatsiya va h.k. o‘rtasida yaxshi hamkorlikni yo‘lga qo‘ya olgan.
Baxmut ko‘chalaridagi «vagner»chilar. Foto: 9111.ru

Tan olish kerak, bir tomondan «Vagner» XHKning ochiq-ravshan ojiz tomonlari ham bor. Kompaniya RF QKdan farqli o‘laroq, Ukraina qo‘shinlarining chuqur mudofaasi tomon mexanizatsiyalashgan bo‘linmalardan foydalanib, tezkor zarba berishga hattoki urinib ham o‘tirmaydi. Yollanma jangarilardan iborat shturmchi otryadlar piyoda hujum qiladi, texnikadan esa uzoqroqdan o‘t ochish va askarlarni old chiziqqa eltib qo‘yish uchun foydalaniladi. Ukrainaning navbatdagi pozitsiyasini egallagach, XHK u yerni mustahkamlaydi, qanotlarni xavfsizlashtiradi va keyingi hujumga tayyorgarlik ko‘radi. Bular sababli XHK otryadlarining hujumi uslubiy, biroq juda sekin ko‘rinish olmoqda. Bu esa Ukraina QKga yollanma jangarilarning asosiy zarba bergan joyiga qo‘shimcha kuchlarni yetkazib kelish imkonini bermoqda. 2022 yil iyulidan 2023 yil martigacha «Vagner» XHK har qanday yo‘nalishda o‘zlari ilk marta jangga kirishgan Popasnadan 30 kilometrdan ortiqroqqa siljiy olmagan.

«Vagner» XHK uslublari juda «resursxo‘r». Kompaniya tirik kuchlarda katta yo‘qotishlar bermoqda va juda ko‘p o‘q-dori sarflamoqda. Yaqinda Prigojin unga oyiga 10 ming tonna o‘q-dori lozimligini ta’kidladi. Uning bayonotidan aynan qanday o‘q-dorilar kerakligi noaniq, lekin gap faqat snaryad va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari (BO‘ORT) uchun raketalar haqida borgan bo‘lsa, o‘rtacha o‘q-dorining og‘irligi 50 kg deb olinsa, XHK uchun sutkasiga 6,5 ming snayard kerakligi kelib chiqadi. Bu esa, Ukraina qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, ukrainlar shu muddat ichida frontning barcha nuqtalarida ishlatadigan snaryadlar miqdoridan ham ko‘proq.

Taktika darajasida yollanma jangarilarning harakatlari Rossiya muntazam armiyasidan nimasi bilan farq qiladi?

Ukrain manbalariga ko‘ra, aynan «Vagner»ning taktikasi Ukraina QKga katta muammolar tug‘dirmoqda.

  • XHK frontda shturm otryadlari bilan harakat qiladi, ular esa o‘z navbatida shturm guruhlaridan iborat. Ukraina harbiylari va jurnalistlariga ko‘ra, guruhda yetti kishidan 50 kishigacha bo‘lishi mumkin.
  • Guruhlar bildirmasdan ukrain pozitsiyalariga yaqinlashib keladi (ular asosan tunda harakat qilishadi, joylardagi boshpanalardan berkinishda foydalanishadi). Har bir guruhda razvedka droni bor (RF muntazam armiyasida bu narsa haliyam taqchil), u bilan Ukraina QK pozitsiyasi sinchiklab o‘rganiladi. Ta’kidlanishicha, guruh komandiri (yo uning o‘rinbosarlari) pozitsiyaga yaqinlashishning batafsil rejasini elektron xaritada qabul qilib oladi va unda har bir yollanma jangarining yo‘nalishi aniq-tiniq qilib belgilab qo‘yilgan. Razvedka ma’lumotlari orqali jang uchun yetarli vositalar (ustunlikka erishishni ta’minlovchi shturmchilar soni, o‘t ochish nuqtalarini yo‘q qilish uchun yetarli o‘q-dorilar miqdori) hisoblab chiqiladi.
  • Ko‘plab guruhlarga artilleriya ko‘rinishida kuchaytirish biriktirilgan, ular Ukraina QKning hujum qilinayotgan pozitsiyasini o‘qqa tutadi. Artilleriyaning «so‘ndiruvchi» o‘t ochishlari shturm guruhi pozitsiyaga yuzma-yuz yaqinlashish imkonini beradi. Shundan so‘ng yollanma jangarilarning «o‘t ochuvchi guruhi» ishga kirishadi va Ukraina QKning oshkor bo‘lgan o‘t ochish nuqtalariga minomyotlardan, avtomatik va qo‘l granatomyotlaridan zarba beradi.
  • Shundan so‘ng okoplar va binolarni shturm qilish boshlanadi. Ularni jangarilarning hammasini dron orqali kuzatib turgan komandirlari himoyalangan aloqa liniyalari orqali boshqarishadi.
  • Shturm guruhlari katta qat’iyat namoyish etadi: muvaffaqiyatsiz yakunlangan hujum yana qaytalanishi mumkin. XHK artilleriyasi Ukraina QK zaxiralari jang maydoniga yetib kelishiga xalaqit berishga intiladi.
  • Yaqin masofali janglarda zirhli texnikadan juda kam foydalaniladi. Lekin aviatsiyadan yollanma jangarilar RF harbiy kosmik kuchlaridan ham ko‘proq foydalanadi (Armiya samolyotlari Ukraina HHM ta’sir zonasiga tushmaslikka intiladi, XHK aviatsiyasi esa jang maydoni uzra parvoz qilib, yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda). To‘g‘ri, yollanma jangarilarda aviatsiya soni kamroq, yo‘qotishlari ham u qadar katta emas.
  • Turli videolarga ko‘ra, XHK artilleriyasi ham sochib joylashtirilgan, bu ham katta yo‘qotishlarning oldini olish uchun qilingan. Bu yaxshi boshqaruv va aloqani ham talab qiladi. Rossiya muntazam armiyasida (urushning dastlabki bosqichlarida ayniqsa) qurol-yarog‘lar bir joyga jamlangan edi va katta yo‘qotishlar berilardi.

«Vagner»ning bunday taktikasining eng ojiz tomoni — shturmchilar orasidagi katta yo‘qotishlar. Ukraina harbiylari va jurnalistlariga ko‘ra, yo‘qotishlarning katta qismi okoplarni shturm qiluvchi yollanma jangchilar hissasiga to‘g‘ri keladi va ularning orasida mahbuslar juda ko‘p. Natijada «Vagner» XHK «arzon resurs»ni o‘ylanmasdan ishlatib, sobiq harbiylar safidan yaxshi o‘qitilgan mutaxassislarning jonini omon saqlab qoladi.

«Vagner»chilar Ukrainada katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Foto: handynews.ru

Umuman olganda, bu uzoq Birinchi jahon urushida foydalanilgan standart shturm taktikasini eslatib yuboradi. Turli tasvirlashlarga ko‘ra, asosiy farq «vagner»chilar razvedka va tezkor qaror qabul qilish orqali ustunlikka ega bo‘lmoqda — ya’ni Ukraina Rossiya muntazam armiyasining ko‘plab bo‘linmalari ustidan ustunlikka ega bo‘layotgan jihat tufayli muvaffaqiyatga erishmoqda.

Ukraina QK bunday (bir qaraganda sodda) taktikaga qarshi nimadir qilishi mumkinmi?

«Vagner» taktikasini o‘rganib chiqqan ukrain harbiylariga ko‘ra, Ukraina QKning muammosi — ko‘plab ukrain bo‘linmalarining mudofaasi statik ekanligida: ular okoplarda va binolar ichida — aynan qo‘mondonlik buyurgan joyda qimirlamay o‘tirishadi. Yollanma jangarilarning barcha yaqinlashuv yo‘llarini doimo kuzatib turish uchun razvedka vositalari (dronlar) yetishmaydi. Aynan shu muammolar Ukraina QKga qarshilik qila olmayotgan Rossiya armiyasiga ham xos.

Ukraina askarlari vayron bo‘layotgan Baxmut shahrida. Foto: https: espreso.tv

Nihoyat, Ukraina QK oliy qo‘mondonligining qat’iyatsizligi ham mudofaadagilarga qo‘shimcha muammolar olib keldi. Bu Baxmut uchun janglarning katta qismida rossiyalik yollanma jangarilar son jihatdan ustunlik qilganida ko‘rinadi. Bu sharoitda Kiyev mana bunday qilishi mumkin edi:

  • Yetarli tarzdagi zaxiralarni xavf ostida qolgan front uchastkalariga tashlab, tomonlarning son jihatdan ustunligini tenglashtirib, tashabbusni o‘z qo‘liga olish;
  • Yoki Baxmutni himoya qilayotgan qo‘shinlarni zarba ostidan olib chiqib, ishonchliroq pozitsiyalarga joylashtirish (ya’ni chekinish).

Hozircha Kiyev bu ikki variantdan birini tanlash borasida aniq qaror bergani yo‘q: hanuz Baxmut ostonasiga tashlangan qo‘shinlar soni yetarli emas. Albatta qandaydir qarorga, masalan, bir oy avvalgidan yomonroq sharoitda kelinsa kerak.

Nega Rossiya armiyasi «Vagner» kabi urushishga intilmayapti?

Ehtimol, shunday istak bo‘lishi ham mumkin. Ukraina manbalari o‘lja sifatida qo‘lga kiritilgan, Rossiya muntazam armiyasida shturm guruhlarini tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnomalar nusxasini e’lon qilishdi (ularning haqiqiy ekanini tasdiqlashning imkoni yo‘q). «Vagner» shturmchilaridan ular zirhli texnika bilan kuchaytirilishida farq qiladi. Bunday guruhlardan shturm batalonlari shakllantiriladi (ular ham turli texnikalar bilan kuchaytiriladi).

Bunday shturm otryadlari allaqachon RF qurolli kuchlarining ko‘plab bo‘linmalarida («Shtorm» nomi ostida) tuzilmoqda va Ukraina mudofaasining zaif statik nuqtalariga qarshi «muvaffaqiyat bilan» qo‘llanmoqda. Biroq, «Vagner» XHKning tajribasini takrorlash Rossiya armiyasi uchun qiyin bo‘ladi. Shturm otryadlari tuzilayotgan bo‘linmalar turli-tuman: ko‘pchiligida razvedka vositalari va himoyalangan aloqa tizimlari yetishmaydi, qo‘mondonlik esa bunday egiluvchilanlikni qo‘llashga tayyor emas.

Bundan tashqari, Rossiya jamiyati safarbar qilinganlar «Vagner» XHK shturmchilari kabi qirila boshlasa bu holni hazm qilishi qiyin bo‘ladi. Shu sababli hukumat bunday sinovdan qochishga harakat qiladi.

Nihoyat, «Vagner» XHKning kelajagi ham tuman ostida. Aftidan, Yevgeniy Prigojin RF Mudofaa vazirligini 2023 yil fevralidan buyon yetarli o‘q-dorilarni yetkazib bermayotganlikda ayblab, ziddiyatga kirishgan. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu hol Baxmutni egallashda qiyinchilik va yollanma jangarilar o‘rtasida ortiqcha qurbonlar vujudga keltirmoqda. O‘z navbatida harbiy idora bu ayblovlarni «noo‘rin bayonotlar» deb atamoqda va 2022 yilda «ko‘ngillilar otryadi talabnomalari 140 foizga bajarilgani»ni ta’kidlamoqda.

Ularga to‘xtovsiz o‘q-dori kerak. Foto: «Vagner» XHK

Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, u ortiq qamoqxonalardan mahbuslarni yollay olmaydi (bu ish bilan endi faqat harbiylar shug‘ullana olishini mahbuslarga ko‘mak ko‘rsatadigan huquqbon Olga Romanova yozgan edi). «Vagner» XHK urushda qatnashish evaziga ozod bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan mahbuslar evaziga «erkin» jangchilarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Biroq, bu resursdan ham katta hajmda foydalanib bo‘lingan: undan butun yil davomida XHKning o‘zi, hududlar va RF mudofaa vazirligi foydalanib kelgan.

Prigojinning Rossiya qo‘mondonligi bilan ziddiyati nechog‘lik jiddiy ekanligiga ham, bu hol urushning keyingi borishida yollanma jangarilar roliga qanday ta’sir o‘tkazishiga ham real baho berish juda qiyin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top